Bugungi kunda premium toifadagi qandolat brendlari mahsulotlari xaridorlar orasida ommalashmoqda va o‘z mahsulotlarini taqdim qilib kelishmoqda.

Ana shunday brendlardan biri “Qand” hisoblanadi. 2018-yilda faoliyatini boshlagan brend bugungi mijozlari uchun premium toifadagi shokoladlarni taqdim qilmoqda.

“Qand” brendi asoschisi Saidakmal Vahobov biznesga 11 yoshida kirib kelgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Negaki, Saidakmal otasidan erta ayrilgach, katta farzand bo‘lganligi sababli ro‘zg‘orni tortish yuki uning gardaniga tushadi.

Tadbirkor Chustdan Toshkentga kelib aravakashlik bilan shug‘ullana boshlaydi. Uning biznes olamidagi yo‘li aynan shu yerdan boshlanadi.

Intervyuning matnli versiyasi qisqartirilgan shaklda taqdim etilgan:


Biznesga kirishdan oldin…

To‘g‘risi, tadbirkor bo‘laman deb o‘ylamasdim. Yoshligimdan diplomat bo‘laman deb yurardim. Hayotda shunday voqelar bo‘larkanki, hayotizni to‘laligicha o‘zgartirib yuboradi.

1998-yilda dadam vafot etganlarida, onam men va ukam bilan qolgan. Shunda ro‘g‘or yukini olishga to‘g‘ri kelgan. 2000-yilda, adashmasam yoz faslining boshida, qarindoshimiz kelib, Toshkentda ishlashni taklif qilgan.

U Oloy bozorida arava tortardi. Shu tarzda men 11 yoshimda aravakashlik bilan shug‘ullana boshladim, onam esa bozorda pomidor, bodring sotadigan bo‘ldilar.

2000-yil avgust oyida deyarli biznesga kirib kelganman desam ham bo‘ladi. Hammasi shundan boshlangan. Arava tortishdan boshlagan ishim sekin-sekinm oziq-ovqat yetkazib berish biznesiga o‘tib ketdi.

Shu ishim davomida nimagadir erishgan odamlar bilan muloqotda bo‘lganman. Aytishadiku, “Menga do‘stingi kimligini ayt, men senga kimligingni aytaman”. Buning asosida juda katta mazmun bor. Bu degani atrofingizda kim bo‘lsa, siz ham xuddi shunaqa bo‘lasiz.

Men asosan, “kotta”, boy odamlar bilan gaplashib katta bo‘lganman. Shuni hisobiga menda ham dunyoqarash va fikrlash boshqa odamlarga qaraganda sal o‘zgacharoq bo‘lgan.

Hammasi yo‘qchilikdan boshlandi

Barchasi 2015−2016-yillarda boshlandi. O‘sha vaqtda katta loyiha boshlamoqchi bo‘lib yurgandim, lekin unga tahminan $1−2 mln atrofida mablag‘ kerak edi.

Bu haqda do‘stlarimga ham aytdim, biroq ular menga ishonishmadi. Shunga qaramasdan izlanishda davom etdim.

Yana bitta tanishimni yoniga borganimda, u seni hozirgi biznesing borku degan, o‘sha vaqtda men oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish xizmati bilan shug‘ullanardim.

U meni shu ishim orqali tanirdi va menga shu ishimni davom ettirishimni, yaxshi ishlayotganimni aytdi. Bu esa nafsoniyatimga tegdi. U odam uchun ham, o‘zim uchun ham qila olishimni isbotlamoqchi edim.

qand, qandolat, saidakmal vahobov, shaxsiy biznes

Yetkazib berish biznesim davomida, bir kuni qoqlangan o‘rik va pistali shokolad topishga buyurtma tushdi. O‘sha paytda bunday shokolad qimmat edi, adashasam $100 atrofida. Eng qizig‘i, hech qayerda yo‘q edi. Butun Toshkentni qidirib, bitta joydan 800 gram shokolad topganman, menga esa 1 kilogram kerak edi.

Buyurtmani egasiga olib borganimda, ular meni shokolad bilan mehmon qilishdi. Yeb ko‘rib, sifati unchalik yaxshi emasligini bildim. Shunda men bundan ham yaxshiroq qila olaman dedim.

Shunda Oloy bozorida ishlaydigan tanishlarimga telefon qildim. Ularda ancha paytdan beri foydalanilmayotgan, deyarli chiqindixona bo‘lib ketgan ikkita joy bor edi. Shu joyni oldim va ta’mirlashni boshladim.

Shu tarzda 2017-yil shokoladning “sh” harfini ham bilmaydigan odam shokolad ishlab chiqarish sexini qurishni boshladi.

Biznesni boshlash uchun mablag‘ni yetkazib berish xizmatidan keladigan foyda orqali boshlaganman. Keyinchalik kerakli texnikalarni olish jarayonida mablag‘ni tanishimdan qarz olish orqali olganman.

Boshida ishlab chiqarish sexini ta’mirlashga tahminan $4000, kerakli texnikaga $3500 sarflaganman. Do‘kon ochish uchun ketgan mablag‘ haqida aytsam, u yer hamkorlikda qurilgan, o‘zim yonimdan $12 mingcha, ichidagi mebel va jihozlariga esa $15 mingga yaqin sarflaganman.

2018-yildan ishlab chiqarishni boshlaganman. Kunduz kuni yetkazib berish xizmati bilan shug‘ullansam, kechqurun sexda ishlab chiqarish bilan shug‘ullanardim.

Brendni “Qand” deb nomlash

Buni mazmuni har xil joydan kelib chiqadi. Agar esingizda bo‘lsa, “Xarobadan chiqgan millioner” degan hind kinosi bor. Bosh qahramon savollarga javob berayotgan paytda hayotidagi har xil vaziyatlarni eslaydi. Ana shu vaziyatlar savollarga javob bo‘ladi. Menda ham huddi shunaqa bo‘lgan.

Asosiy sabablaridan biri o‘sha paytda “GO‘ShT” Burger xizmatiga oziq ovqat yetkazib berardim. Menga bu brendni kelib chiqishi, asosi juda yoqardi. Qisqaqina va tushunarli nomlangan. Bu g‘oyadan men tasirlanganman.

O‘ylardimki, men ham yaratmoqchi bo‘lgan brendimni shunaqa oson va milliy qilib nomlayman deb.

qand, qandolat, saidakmal vahobov, shaxsiy biznes

Yana bitta sabablaridan biri, men millatim bo‘yicha tojikman. Bolaligimni yodga oldim, yoshligimizda shirinlikni qand derdik. Shu sabablar bilan brendimni nomini “Qand” deb nomlayman deganman.

Bozor, raqobat va reklama

Yuqorida aytib o‘tganimdek, 2017-yilda men qidirgan shokolad $100 edi. Hozir bu unchalik katta mablag‘ emasdir, u payti anchagina mablag‘ edi. O‘sha paytda premium segmentga talab bor, lekin talabni qondiradigan mahsulot yo‘q edi.

Mahsulotni endi chiqarib boshlagan paytimda narxini 340 ming so‘m qilgandim. Bu narx o‘zimga yaxshidek tuyuldi. Lekin sotuv umuman bo‘lmagan.

Do‘stlarim narxni qayta hisoblab ko‘rishni maslahat berdi. Hisob-kitob qilganimizda mahsulotning tan narxi deyarli 500 ming so‘mga yaqin bo‘ldi. Keyin shokoladni narxini 550ming so‘m qilib belgiladim. Ana shundan keyin sotuv 20 baravarga oshib ketdi.

Chunki 340 ming so‘m narx u paytda mass-marketdan xarid qiladiganlar uchun baland, qimmat mahsulot oladigan xaridorlar uchun arzon edi. Narx qiymati o‘rtada qolib ketgani uchun, pastdan ham, tepadan ham hechkim olmasdi.

Raqobat haqida gapirsam, Stiv Jobsning shunaqa gapi bor: Odamlar nimani xohlashlarini ularga ko’rsatmaguningizcha bilishmaydi”.

Shu g‘oyani asos qilib, boshidan, ya’ni 2017−2018-yilda ish boshlaganimizda qandolatchilik mahsulotlari qanday tayyorlanishini ataylab o‘qimaganman. Bizni bozorga yangi mahsulot bermoqchi edim.

Yangi mahsulot bermoqchi bo‘lsangiz nol bo‘lishingiz kerak. Men shu paytda shokolad borasida nol edim. Har xil tajribalar qilib ko‘rardik, uni tanishlarimizga ko‘rsatardik.

Biz doim yangilik kiritishga harakat qilamiz. Qanchalik ko‘p hayratga solsangiz, odamlar qiziqish bilan qarashadi. Brendimizda kundan-kun o‘sish bor. O‘sish nafaqat sotuvda, balki mahsulotimizning sifatida hisoblanadi. Shuni hisobiga biz bugungi kunda raqobatbardosh bo‘lib boryapmiz. Asosiysi bitta joyda qolib ketmaslik.

Reklama va xaridorlarni jalb qilishga kelsak, biz ochiq marketing yuritmaymiz, asosiy kuchimizni mahsulotga qaratamiz.

Mahsulotimiz sifat jihatdan yuqori bo‘lgani hisobiga o‘zini o‘zi xaridorlarga reklama qiladi. Odamlar ta’tib ko‘rgandan keyin tanishlariga aytadi. Ya’ni “sarafan radiosi” hisobiga ham odamlar bilib kelishadi.

Bu bugungi kunda eng yaxshi reklamalardan biri hisoblanadi. Asosan mahsulotni sifatiga va taqdim qilinishiga e’tibor qaratamiz.

qand, qandolat, saidakmal vahobov, shaxsiy biznes

Ishlab chiqarish, retseptlar, shokolad narxi va sotuv do‘koni

Ishlab chiqarish sexi haqida gapirsam, “Yangi ToshMI"dagi sexga ikki oy oldin ko‘chib kelganmiz. Lokatsiyasi qulay bo‘lmasa ham, ishlab chiqarish sexi uchun qulay joy.

Bungacha biz Oloy bozorida mahsulot ishlab chiqarganmiz. Hozirda ishlab chiqarish sexida 8ta xodim ishlaydi. Biroq bizga yetarli bo‘lmaganligi uchun qo‘shimcha ishchi qidiryapmiz.

Retseptlar. Shokoladlar retseptlarini o‘zaro va odamlarni taklifiga qarab yaratamiz.

Ishlab chiqariladigan mahsulot hajmiga kelsak, har safar har xil, mavsumga qarab o‘zgaradi. O‘tgan yili oyiga o‘rtacha 200−300 kilogram shokolad ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu yil 2−3 baravar oshyapti.

Asosiy mahsulotlar soni bugungi kunda 30tadan ortiq, mahsulotimiz soni 100tadan ko‘p.

Yana bir asosiy mahsulotni aytsam, bu shokoladlar o‘rami. Biz bu folgalangan qog‘ozni Italiyadan buyurtma qilamiz. Unda brend logotipimiz bor. Ikki tonna folgali o‘ramni puliga Toshkentda 3 xonali uy olish mumkin.

Sotuv do‘koni. Buyuk Ipak yo‘li massivida joylashgan do‘konimiz oldin bo‘lmagan, bu joy “BellaRose” gul do‘koniga tegishli joy edi. Bu joy bo‘sh bo‘lganligi uchun do‘kon xo‘jayinlari bilan gaplashib, joyni olib qayta qurishni boshlaganmiz. Bu 2020-yil boshlangan. 2021-yil avgust oyidan shu do‘konda ish boshlaganmiz.

qand, qandolat, saidakmal vahobov, shaxsiy biznes

Shokoladlar narxi. Shokoladlarimizni kilolab sotamiz, narxiga kelsak, kilosi o‘rtacha 1,5 mln so‘m. Sovg‘ali qutilardagi shokoladlar narxi esa, ichida 12 ta shokolad bo‘lsa 1,1 mln so‘m, 36ta shokolad bo‘lsa 2,5 mln so‘mni tashkil etadi.

Qandolatchilikda biznes boshlamoqchi bo‘lganlarga maslahatlar

2011−2012-yillarda biznes boshlash haqida o‘ylab yurardim. Har doim tanishlarim oldiga borganimda, biznes reja qil deyishardi. Mana shu biznes rejani qilish bilan 6 yil vaqtim o‘tib ketdi.

Shokolad bizesini boshlayotgan paytim qanaqa biznes reja dedimu ishni boshlab yubordim.

Lekin shundan keyin tushundimki, biznes reja bu haqiqatdan muhim narsa ekan. Bu nafaqat biznes boshlash, balki ketadigan sarf xarajatlarning ham rejasi ekan.

Yana bir muhim jihat, kimdir ish boshlamoqchi bo‘lsa, avvalo, xoxish bo‘lishi kerak. Biznes reja bo‘lmasa ham, ketadigan mablag‘larni hisob-kitobini qilish hamda bozorga yangi mahsulot berishga harakat qilish kerak.

Negaki, bugungi kunda O‘zbekiston bozorida mahsulotlar bir-biriga o‘xshaydi. Hamma bir-biridan ko‘chirishga harakat qiladi.

Rejalar. Bu yilgi asosiy rejamiz ishlab chiqarishni kengaytirish va eksportga chiqish bilan bog‘liq. Bugungi kunda xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib boryapmiz. O‘ylaymanki, yaqin kunlarda eksportga chiqamiz. Shuningdek, boshqa viloyatlarda ham do‘konlarimizni ochish harakatidamiz.