2023-yilning may oyida avtobenzin ishlab chiqarish “O‘zbekneftgaz"ning tasarrufidagi korxonalarida 23,2 ming tonnani tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich, 2022-yil may oyiga nisbatan 51,2 ming tonnaga kam. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, bunga, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 2023-yilning 10-may — 10-iyun davrida rejali ta’mirlash ishlari olib borilganligi sabab bo‘ldi.

Sanoat xavfsizligini ekspertizadan o‘tkazish va ekspertiza xulosasini berish tartibi to‘g‘risida nizom talablariga muvofiq, xavfli ishlab chiqarish obyektlarida xizmat muddati 20 yildan oshgan texnologik qurilmalarni sanoat xavfsizligini ekspertizadan o‘tkazish belgilab qo‘yilgan.

Bundan tashqari, litsenziyalar tomonidan amaldagi texnologik qurilmalarda bir yilda 1 marotaba joriy ta’mirlash va 5 yilda bir marotaba mukammal ta’mirlash ishlarini o‘tkazish tavsiya etilgan.

Qonunchilikda belgilangan talablar ijrosini ta’minlash maqsadida zavodning bosim ostida ishlovchi sig‘imlari sanoat xavfsizligi ekspertizasidan to‘liq o‘tkazildi hamda texnologik jarayonlarni avtomatik boshqarish tizimi modernizatsiya qilindi.

Tahliliy hisob-kitoblardan kelib chiqib, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida avtobenzin mahsulotini ishlab chiqarish hajmlarini oshirish imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda. Buning natijasida bugungi kunda, avtobenzin ishlab chiqarishning kunlik xajmi 2 500 tonnadan 3 000 tonnaga oshirildi.

2023-yilda Buxoro neftni qayta ishlash zavodida mukammal ta’mirlash ishlari o‘tkazilganligiga qaramasdan, joriy yil yakuniga qadar “O‘zbekneftgaz” tomonidan jami 995,8 ming tonna avtobenzin (2022-yil ko‘rsatkichiga nisbatan 100%) ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun: Buxoro neftni qayta ishlash zavodida mukammal ta’mirlash ishlari so‘ngi bor 2018-yilda amalga oshirilgan.

Zavodning ta’mirlash davrida iste’molchilarni avtobenzin bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida, “O‘zbekneftgaz” tomonidan respublikaning barcha hududlarida zarur miqdorlarda zaxira yaratildi va uzilishlarsiz yetkazib berilishi ta’minlandi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda benzin ishlab chiqarish hajmi joriy yilning yanvar-aprel oylaridagi ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32%ga oshgani haqida yozgandi.

Aprel oyida yirik korxonalar tomonidan 119,3 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan.

Biroq ko‘rsatkich mart oyida ishlab chiqarilgan (121,4 ming tonna) avtomobil benzini ko‘rsatkichidan sezilarli past.