Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashib, o‘zining saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi.


Barcha mahallalarida bog‘cha va maktab muammosi to‘liq hal qilinadi

“Kelgusi yetti yilda Toshkent viloyatining barcha mahallalarida bog‘cha va maktab muammosi to‘liq hal qilinadi. Buning uchun, qo‘shimcha 60 ming o‘rinli 1 mingdan ziyod bog‘chalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi”, — dedi nomzod.

Mavjud maktablar quvvatini oshirish va yangilarini qurish hisobiga, 100 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi va 35 nafardan ko‘p bola ta’lim oladigan sinf qolmaydi (hozirda bunday sinflar soni 3 mingta).

Viloyatdagi 188 ta maktabga sport zallari qurib beriladi.


4 ming kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanadi

2030-yilga qadar viloyatdagi 350 dan ziyod mahallada 4 ming kilometr ichki yo‘llar va 100 dan ziyod ko‘priklar quriladi hamda ta’mirlanadi.

Uzunligi 5 ming 100 kilometr bo‘lgan elektr tarmoqlari va 1 ming 400 ta transformator yangilanadi. Buning hisobiga, 250 ming aholi xonadonida elektr ta’minoti yaxshilanadi.

Bundan tashqari, 5 ming 200 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i, 750 kilometr oqova tarmoqlarini qurish va ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.

Natijada, 100 ming aholi yashaydigan xonadonlarga ilk bor markazlashgan tarmoqlar orqali ichimlik suvi kirib boradi, 800 ming aholining suv ta’minoti yaxshilanadi.


Bekobod, Xo‘jakent va Angren yo‘nalishlarini poytaxt bilan bog‘laydigan 10 ta elektropoyezd harakati yo‘lga qo‘yiladi

Bugungi kunda Toshkent viloyatida bundan 30−40 yil oldin olib kelingan 4 ta elektropoyezd harakatlanmoqda.

Shu bois, odamlarimizning uzog‘ini yaqin qilish, ularga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida elektropoyezdlar to‘liq yangilanadi.

Jumladan, 2024-yildan Bekobod, Xo‘jakent va Angren yo‘nalishlarini poytaxt bilan bog‘laydigan 10 ta elektropoyezd harakati yo‘lga qo‘yiladi.


Bo‘stonliq tumanida 900 Megavattli GESlar barpo etiladi

“Sanoat korxonalarini barqaror energiya bilan ta’minlash uchun, Saudiya Arabistoni va Xitoy investorlari ishtirokida $1,5 mlrd sarmoya hisobiga Qibray, Yuqori Chirchiq va Bo‘kada jami 1,7 ming Megavattli 3 ta quyosh stansiyasi ishga tushiriladi.

Shu bilan birga, Angren issiqlik energiya stansiyasida 600 Megavattli 2 ta ko‘mirli energoblok, Bo‘stonliq tumanida 900 Megavattli GESlar barpo etiladi.


“Yangi O‘zbekiston” massivlari 100 taga yetkaziladi

Kelgusi yetti yilda mamlakat bo‘yicha 1 mln xonadonli uy-joylar qurish bo‘yicha rejalar belgilangan.

Bunda, “Yangi O‘zbekiston” massivlari soni 100 taga yetkazilib, qo‘shimcha 200 mingta oilaga mo‘ljallangan uylar barpo etiladi.

Bunga qo‘shimcha ravishda 700 mingta xususiy uy-joylar barpo etiladi.


100 ming oilaga mo‘ljallangan ijtimoiy uylar quriladi

“Mening birinchi uyim” dasturi bo‘yicha Toshkent viloyatinining tanlanishiga sabab, hozirning o‘zida viloyatdagi 24 ming oilada uy-joyga talab bor.

Bundan tashqari, har yili yana 25 mingta yangi oila paydo bo‘lmoqda.

Kelgusi yetti yilda dastur doirasida Toshkent viloyatida jami 40 mingta xonadonga ega ijtimoiy uylar quriladi.

Shuningdek, boshqa viloyatlarda ham kamida 100 ming oilaga mo‘ljallangan xuddi shunday ijtimoiy uylar barpo etiladi.


Aholi roziligi bilan renovatsiya dasturlari qabul qilinadi

Toshkent viloyatidagi jami 5 mingga yaqin ko‘p qavatli uylarning yarmi bundan 50 yildan oldin qurilgan.

Shu bois, yil yakunigacha ushbu uylarning joriy holati, jumladan zilzilaga chidamli ekanligi to‘liq o‘rganiladi.

Umuman, aholi bilan maslahatlashgan holda, ularning roziligi bilan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan massivlarni yangilash bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.

“Albatta, bu jiddiy masala. Shuning uchun, renovatsiyaning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lishi kerak. Shu maqsadda, Renovatsiya dasturlari faqat va faqat odamlarimizning roziligi va keng jamoatchilik fikrini olgan holda qabul qilinadi”, — dedi nomzod.


2030-yilgacha aholi punktlarining bosh rejalari ishlab chiqiladi

2025-yilga qadar 25 ta shaharning, 2030-yilgacha esa barcha aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish to‘liq yakunlanadi.

“Bosh plan"larni ishlab chiqish jarayonlari aholi va tadbirkorlar uchun ochiq-oshkora va shaffof bo‘ladi. Buning uchun, alohida portal ishga tushirilib, ularning tashabbus va takliflari albatta inobatga olinadi.

Bu maqsadlarga kelgusi yetti yilda 2 trln so‘m yo‘naltiriladi.