Toshkent shahri va viloyatidagi 5 ta “metan zapravka” tomonidan jami 11,5 mlrd so‘mlik tabiiy gaz o‘g‘irlangani aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“O‘zenergoinspeksiya”, huquqni muhofaza qilish organlari hamda “Hududgazta'minot” xodimlari tomonidan AGTKShda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash bo‘yicha tezkor tadbirlar o‘tkazilgan.
Xususan, Piskent tumanida joylashgan “Kamolot istiqlol ko‘makchisi"ga qarashli 3 ta AGTKShda iste’mol qilingan tabiiy gaz hajmining haqiqiy ko‘rsatkichlari hisobotlardan yashirib kelinganligi aniqlandi. Bunda o‘rnatilgan gazni hisobga olish uskunasi elektr ta’minoti tizimidan vaqti-vaqti bilan uzib qo‘yilgan.
Mazkur 3 ta AGTKShning sanoat tarmog‘idagi ulanish nuqtasida iste’mol qilingan tabiiy gaz hajmi hisobini yuritish uchun o‘rnatilgan EGXUlarining elektron xotira ma’lumotlari yo‘qotilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Natijada “Kamolot istiqlol ko‘makchisi” MChJ-1 shoxobchasi tomonidan qiymati 1,3 mlrd so‘mlik (1,3 mln metr kub tabiiy gaz), “Kamolot istiqlol ko‘makchisi” MChJ-2 shoxobchasida qiymati 4,6 mlrd so‘mlik (4,6 mln metr kub tabiiy gaz) va “Kamolot istiqlol ko‘makchisi” MChJ-3 shoxobchasida esa 1,9 mlrd so‘mlik (1,9 mln metr kub tabiiy gaz) tabiiy gaz o‘g‘irlangan.
Toshkent viloyati, Chinoz tumani, “Chinmasjid” MFYda joylashgan “Koshona poydevori” MChJga qarashli AGTKShda tabiiy gaz hajmini hisobga olish uchun o‘rnatilgan “AvtoPilot PRO” rusumli elektron hisoblagichga o‘rnatilgan bir marotabalik nazorat tamg‘asi qasddan buzilganligi aniqlandi.
Hisoblagichdagi manifold qismi tenglashtiruvchi jo‘mraklari qisman ochiq holatda bo‘lgan. Aslida esa ulash tartibi bo‘yicha to‘liq yopiq holatda bo‘lishi kerak. Bu o‘z navbatida, hisoblagichdagi ko‘rsatkichlarni tashqi ta’sir yordamida kamaytirib ko‘rsatilishiga olib keladi.
Holat yuzasidan astlabki hisob-kitoblarga asosan, 1,9 mlrd so‘mlik (1,9 mln metr kub tabiiy gaz) tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.
Sergeli tumani, “Qorasuv” MFY, Xonobod ko‘chasida joylashgan “Nur Ziyod fayz biznes"ga qarashli AGTKShda “AvtoPilot PRO” rusumli gaz hisobdoniga tashqi ta’sir ko‘rsatilganligi, ya’ni hisobdon manifold qismi tenglashtiruvchi jo‘mraklari ochiq holatdaligi ma’lum bo‘ldi.
Dastlabki hisob-kitoblarga asosan, 1,3 mlrd so‘mlik (1,3 mln metr kub tabiiy gaz) hajmda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilganligi aniqlandi.
Qayd etilishicha, bu hajmdagi tabiiy gaz o‘rtacha 6 mingta xonadonning bir yillik iste’molini tashkil qiladi. Rasmiylashtirilgan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza etuvchi organlariga taqdim etilgan.
Joriy yilning yanvar oyida davlat rahbari energiya resurslari ta’minoti bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda “gaz zapravkalari"dagi o‘g‘irliklar bo‘yicha tartib o‘rnatilishini ta’kidlagandi.
Fevral oyida qabul qilingan tegisihli qaror bilan, “O‘zenergoinspeksiya"ga elektr energiyasi va gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish (mansabdor shaxslarga nisbatan) vakolati berildi.
Shuningdek, hujjat bilan, elektr energiyasi, gaz hamda vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish orqali talon-taroj qilish holatlarini o‘g‘rilik jinoyati sifatida belgilash tartibi kiritilgan.
Mart oyiga kelib, energiya tizimidagi qonun buzilish holatlarini aniqlashga qaratilgan Telegram-bot ishga tushirildi.