2022−2023 o‘quv yilining ikkinchi yarmi uchun 14 110ta magistraturada tahsil olgan xotin-qizlarning 85,1 mlrd so‘m miqdorida to‘lov-shartnoma puli to‘lab berildi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva ma’lum qildi.

O‘tgan davrda 36 mingdan ortiq talaba xotin-qizlar uchun 335,5 mlrd so‘m miqdorida imtiyozli (foizsiz) ta’lim kreditlari ajratilgan.

Shu bilan birga, 30 yoshdan oshgan 7,5 mlndan ortiq xotin-qizlar xatlovdan o‘tkazilib, shundan 1,7 mlni “Ayollar daftari"ning 4-bosqichiga kiritilgan.

Ularning 831 133 tasiga tegishli tartibda quyidagi yordamlar ko‘rsatildi:

  • 1-toifa bo‘yicha — 424 231ta ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlardan 376 327tasi yangi ish o‘rinlari va jamoat ishlariga joylashtirildi;
  • 2-toifa bo‘yicha — 49 545ta tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlarning 40 514tasiga imtiyozli kreditlar ajratildi;
  • 3-toifa bo‘yicha — 226 727ta boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlardan 171 550tasiga bir martalik moddiy yordam berildi. Shundan, 2 451 nafarining uy-joyi ta’mirlab berildi;
  • 4-toifa bo‘yicha — 204 523 nafar ijtimoiy yordamga muhtoj 1- va 2-guruh nogironligi bo‘lgan hamda tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlardan 159 391 nafariga bir martalik moddiy ko‘rsatildi. Shundan, 1 489 nafarining uy-joyi ta’mirlab berildi;
  • 5-toifa bo‘yicha — 9 005 nafar uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlarning 7 131 nafariga yordam ko‘rsatilgan. Shundan, 680 nafari uy-joy bilan ta’minlandi, 6 451 nafariga ijara kompensatsiyasi to‘lab berildi;
  • 6-toifa bo‘yicha — 86 649 nafar qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand ayollardan 76 220 nafariga moddiy yordamlar berildi.

Shundan, 3 970 nafariga tomorqadan unumli foydalanishi uchun amaliy hamda moddiy yordamlar ko‘rsatildi.

2022-yilning avgust oyida magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qoplab berish tartibi belgilandi.

Joriy yilning iyun oyida magistraturada o‘qiydigan xotin-qizlarning kontrakt pullari to‘lab berilishi ma’lum qilindi.

Buning uchun magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlar har yili 15-sentabrgacha o‘zlari o‘qiyotgan OTM rektori nomiga ariza bilan murojaat qilishlari kerak.