Prezident Qo‘yliqdan Sergeligacha qurilgan yerusti metrosini borib ko‘rdi.

“2017-yilda bu loyihani boshlaganimizda ishonmaganlar ham bo‘lgan edi. Mana, Xudoga shukur, yerosti va yerusti metro yo‘llari bog‘lanib, halqaga aylandi. To‘g‘ri, og‘ir bo‘ldi. Lekin xalqimizga xizmat qiladigan, tarixda qoladigan yo‘l bu. Odamlarimiz, farzandlarimiz bunda yurib, davlatdan rozi bo‘lsa, niyatimizga yetgan bo‘lamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mazkur ikkinchi bosqich doirasida 12 kilometr estakada yo‘l va 7 ta bekat barpo etilgan. Bu oraliqdagi qatnov vaqti 15 daqiqani tashkil etadi. Bir kunda 40 mingdan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi.

Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70 kilometrdan oshdi. Shundan 38 kilometri 1977-yildan keyin bunyod etilgan bo‘lsa, oxirgi 7 yilda 32 kilometr metro yo‘li qurildi. Bekatlar soni 50 taga yetdi. Metroda yuruvchi kunlik yo‘lovchilar soni 750 mingga yetishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, joriy yilda poytaxtga 1000 ta avtobus olib kelindi. Natijada jamoat transportidan kuniga 1,4 mln nafargacha yo‘lovchilar foydalanmoqda. Bu shaxsiy transportlarga ehtiyojni, ko‘chalarda tirbandlikni kamaytirishda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlangan.

2020-yil avgustda Toshkent yerusti metrosining birinchi bosqichi ishga tushirilgandi. O‘sha yilning dekabrida esa Sergeli yo‘nalishi ochildi.

Joriy yilning fevral oyida prezident ikkinchi bosqich qurilishi bilan tanishgandi. Davlat rahbari bu ishlar o‘z vaqtida boshlamaganida, shahar transportida kollaps bo‘lishi mumkinligini qayd etgandi.

Aprel oyida Toshkent metrosining yer usti bekatlarini nomlash ovozga qo‘yildi. Undan keyin, yerusti halqa metro yo‘lining beshta yangi stansiyasi ishga tushirildi.

Avgust oyiga kelib esa, hukumatning “Toshkent metropolitenining yer usti yo‘li bekatlariga nom berish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Toshkent metropoliteni “O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz yilligi” yer usti metro halqa yo‘lining “Do‘stlik — Qo‘yliq” yo‘nalishi 1−14 bekatlariga, “Chilonzor” yo‘lining “Olmazor — Sergeli” yo‘nalishi 1−5 bekatlariga (jami 19 ta bekat) nom berildi.