Joriy yilning 7-sentabr kuni Samarqandda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unda 15 ta mamlakat qishloq xo‘jaligi vazirlari, 8 mamlakatdan vazir o‘rinbosarlari, 13 mamlakatning yuqori darajadagi diplomatlari va 30dan ziyod xalqaro hamda ilmiy tashkilotlar va moliya institutlari vakillari ishtirok etmoqda.

Tadbirning ochilish marosimida Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan Shavkat Mirziyoyevning konferensiya qatnashchilariga yo‘llagan murojaati o‘qib eshittirildi.

Davlat rahbari murojaatida fermerlar va kichik ishlab chiqaruvchilar uchun axborot-konsalting markazlarini tashkil etish, ularni resurs tejaydigan texnologiya va usullar bo‘yicha o‘qitish uchun agro-konsalting xizmatlari sifatini yaxshilash dolzarbligi qayd etilgan.

“Zamonaviy texnologiyalar va qishloq xo‘jaligi texnikasi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlardagi fermerlar uchun bir xilda ochiq va hamyonbop bo‘lishi kerak. Xalqaro moliya institutlarini bu masalaga alohida e’tibor qaratib, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining “yashil texnologiyalar"dan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishga chaqiramiz”, deyilgan murojaatda.

Shuningdek, zarur mahsulotlar savdosi va transportirovkasida to‘liq erkinlik hamda oziq-ovqat yuklari harakatini tartibga soladigan qoidalarni soddalashtirish, savdo yo‘llari xavfsizligi va ochiqligini ta’minlash davlatlararo munosabatlarda o‘zgarmas tamoyil bo‘lib qolishi zarurligi ta’kidlanadi.

Ma’lum bo‘lishicha, konferensiya yakunlari asosida Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinadi. Hujjat xalqaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi hamda unda ishtirokchi mamlakatlarning quyidagi maqsadlari qayd etiladi:

  • qishloq xo‘jaligini ekologik jihatdan eng xavfsiz, bioxilma-xillikni qo‘llab-quvvatlaydigan usulda, suv resurslaridan optimal foydalangan holda rivojlantirish;
  • aholi, bolalar va o‘smirlarning sog‘lom ovqatlanishiga ko‘maklashish, maktabda ovqatlanish kompleks dasturlarini joriy qilish;
  • ayollarning agrooziq-ovqat tizimlari transformatsiyasidagi ulushini oshirish uchun qishloq joylardagi ayollar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish;
  • davlat miqyosida kichik va oilaviy xo‘jaliklarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ishlab chiqarish, tabiiy va moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish.

“Men O‘zbekistonga kelib, bu yerda oziq-ovqat, xususan, meva-sabzavotchilik juda yaxshi rivojlanganiga amin bo‘ldim. Tarixiy Buyuk ipak yo‘lida joylashgan bu shahar va mamlakatingizning imkoniyatlarini juda yaxshi bilaman”, dedi konferensiyadagi nutqida Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Suy Dunyuy.

konferensiya, oziq-ovqat, samarqand, xavfsizlik

Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov so‘zga chiqib, oziq-ovqat ta’minoti zanjirlarining barqarorlashuvi, tizimning barcha bosqichini, eng kichik tomorqalardan tortib, eng yirik qishloq xo‘jaligi korxonalarigacha bo‘lgan o‘zaro bog‘liqlikning muhimligini tan olishga yordam berganini qayd etdi.

Vazir xizmatlarni takomillashtirish uchun quyidagi qo‘llab-quvvatlash tizimlari zarurligini ta’kidladi:

  • ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va boshqarish tizimlari, shu jumladan oziq-ovqat balansi;
  • qishloq xo‘jaligi bilimlari va axborot xizmatlarini rivojlantirish;
  • eski va eskirgan subsidiyalar va rag‘batlantirish sxemalarini qayta ko‘rib chiqish.

“Endi biz fermerlar va qishloq xo‘jaligini rag‘batlantirishimiz kerak fermerlik va qishloq xo‘jaligi biznesini asta-sekin o‘zgartirish, nafaqat foydali, balki iqlimga do‘stona munosabatda bo‘lishlarini ta’minlashga ham yordam beradi”, — dedi Aziz Voitov.

Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya 8-sentabr kuni ham davom etadi.