Global innovatsiya indeksining (GII) joriy yilgi reytingida O‘zbekiston 132ta davlat orasida 82-o‘rinni saqlab qoldi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston innovatsiyalar sohasida milliy iqtisodiy rivojlanish darajasiga solishtirganda baland ko‘rsatkichga erishgan mamlakatlar qatoridan joy oldi, ya’ni YaIMga nisbatan innovatsiyalarning yuqori samaradorligi qayd etildi.

Indeksda mamlakatlar 4ta daromad guruhiga bo‘lingan: yuqori daromad, yuqori o‘rta daromad, quyi daromad va past daromad. O‘zbekiston o‘z guruhida (quyi o‘rta daromad) 37ta davlat ichida 10-o‘rinni egalladi.

Bundan tashqari, mamlakat mintaqalar bo‘yicha innovatsion iqtisodiyotlar tasnifida 10ta Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari orasida 4-o‘rinni egalladi.

Reytingning 2023-yilgi hisobotida O‘zbekiston “Innovatsiyalarni joriy etish uchun mavjud resurslar va sharoitlar” (innovation input) subindeksida 72-o‘rinni, “Innovatsiyalarni joriy etishda erishilgan amaliy natijalar” (innovation output) subindeksida o‘tgan yilga nisbatan 3 pog‘onaga o‘sib, 88-o‘rinni egalladi.

Shuningdek, malmakat reytingda “Boshqaruv institutlar sifati” (+8), “Infratuzilma” (+1), “Bilim va texnologiya mahsullari” (+2), “Ijodiy mahsulotlar” (+9) yo‘nalishlarida o‘z o‘rnini o‘tgan yilga nisbatan yaxshiladi.

“Ijodiy mahsulotlar” yo‘nalishi, ya’ni ko‘ngilochar va media bozori, mobil ilovalar yaratish, savdo belgilari, ijodiy mahsulotlar eksporti indikatorlari joriy yilda o‘tgan yillarga nisbatan sezilarli ravishda ijobiy tomonga o‘zgardi. Bu avvalgi yillar qamrab olinmagan indikatorlarga doir ma’lumotlarning kiritilishi va bu sohada amalga oshirilayotgan ishlar sifatining oshishi bilan bog‘liq ekanini qayd etgan vazirlik.

O‘zbekiston “Yalpi jamg‘arilish” (6-o‘rin), “Mehnat unumdorligining o‘sishi” (6-o‘rin), “Ilm-fan va muhandislik sohasida bitiruvchilar” (12-o‘rin), “Kelib chiqishi bo‘yicha foydali modellar” (17-o‘rin) kabi 10ta indikator bo‘yicha yuqori natijalarga erishdi.

Bu o‘rinda “Yalpi jamg‘arilish” indikatori mamlakatda ichki investitsiyalar darajasini anglatadi, ya’ni aholi va biznes tomonidan kredit olish imkoniyati, investitsiyalar oqimining jadalligi kabi omillar inobatga olinadi. Mehnat unumdorligi esa har bir band aholiga nisbatan YaIM qiymatining o‘sish darajasini anglatadi.

Mazkur tadqiqot 2ta subindeks va 7ta yo‘nalish guruhiga birlashtirilgan 80ta indikatorni o‘z ichiga oladi. Indikatorlarning 39tasi bo‘yicha O‘zbekiston o‘rni ko‘tarilgan, 6tasi o‘zgarmagan, 25tasi pasaygan, 10tasi ma’lumot mavjud emasligi uchun o‘rni aniqlanmagan.

Global innovatsiya indeksi reytingi Jahon intellektual mulk tashkiloti (Jeneva) tomonidan Portulans instituti (AQSh), turli korporativ va akademik tarmoq hamda GII maslahat kengashi bilan hamkorlikda tayyorlanib, global tadqiqot va innovatsion rivojlanish bo‘yicha dunyo mamlakatlari faoliyatini baholaydigan tadqiqot hisoblanadi.

Reytingga O‘zbekiston birinchi marotaba 2015-yili kiritilib, 141ta mamlakat ichida 122-o‘rinni, 2020-yilda 93 hamda 2021-yilda 86-o‘rinni egallagan. 2022-yili mamlakat 132ta dunyo mamlakatlari ichida 82-o‘ringa ko‘tarilgandi.


Joriy yilning iyul oyida o‘zbek so‘mi dunyodagi eng zaif valyutalar reytingida yettinchi o‘rinni egallagandi.