Rossiya O‘zbekiston charm-poyabzal korxonalarining chakana savdo do‘konlarini tashkil etish uchun savdo nuqtalarini ajratadi. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi doirasida 4-oktabr kuni O‘zbekiston-Rossiya uchinchi hududlararo hamkorlik forumi tashkil etildi. Unda Tatariston sanoat va ishlab chiqaruvchilar uyushmasi bilan charm-poyabzal sohasida hamkorlik aloqalarini kengaytirish, Tatariston kapitali asosida yangi korxonalarni barpo etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

“Ravon Taraqqiyot Orzusi”, “Amira Tekstil” hamda “Bars” kompaniyasi o‘rtasidagi muzokaralarda O‘zbekistonda charm va rezinadan ishlab chiqarilgan poyabzallarni Tataristonga yetkazib berish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ko‘rib chiqildi.

Forum doirasida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi hamda Tatariston savdo-sanoat palatalasi o‘rtasida charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarida savdo-iqtisodiy aloqlarni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzolandi.

Tomonlar Tataristonda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan charm-poyabzal va mo‘yna mahsulotlari savdosini kengaytirish, eksport-import masalasini muhokama qildi. Rossiya tomoni mamlakat charm-poyabzal korxonalarining chakana savdo do‘konlarini tashkil etishi uchun savdo nuqtalarini ajratadishini bildirdi.

Shuningdek, Tatariston rahbari Rustam Minnixonov bilan uchrashuvda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Rossiya hududi bilan savdo aylanmasini 60−70%ga oshirish imkoniyati ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, 2022-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ikki barobarga oshib, $290 mlnni tashkil etgani ta’kidlangan.

Transport vazirligi rahbari o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Toshkent va Qozon o‘rtasidagi reyslar sonini haftasiga 2tadan 7tagacha oshirishni taklif qildi.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston temir yo‘llari” va “Rossiya temir yo‘llari” o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzolandi. Hujjat mamlakatlar o‘rtasida ikki tomonlama va tranzit kommunikatsiyalarini rivojlantirish hamda istiqbolli xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.

Avvalroq Tataristonning “Atom” elektromobili O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.