Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, 2024-yil 1-yanvardan boshlab DYHXX organlarida quyidagilar davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi:

  • dvigateli 25 va undan ortiq kub/santimetr ish hajmiga ega bo‘lgan yoki konstruksiyaviy tezligi soatiga 25 va undan ortiq kilometr bo‘lgan avtomototransport vositalari;
  • elektrodvigatelining quvvati 0,25 kVt va undan ortiq yoki soatiga 25 kilometr va undan yuqori tezlikka ega bo‘lgan elektromobillar (elektromototsikllar, elektroskuterlar va boshqalar);
  • shuningdek, tirkama va yarim tirkamalar.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan transport vositalarini boshqarish faqat tegishli toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslarga ruxsat beriladi.

Tegishli qaror loyihasi bilan:

  • “skuter” va “individual harakatlanish vositalari” tushunchalariga ta’rif berilib, ularning qaysi toifadagi transport vositasi turiga kirishiga aniqlik kiritilmoqda;
  • yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda;
  • Yo‘l harakati qoidalariga 1-ilova — Yo‘l belgilari esa qo‘shimcha ravishda 3.5.1 (skuterlar harakatlanishi taqiqlangan) va 3.34 (individual harakatlanish vositalarini boshqarish taqiqlangan) yo‘l belgilari bilan to‘ldirilmoqda;
  • Yo‘l harakati qoidalari yangi 12−1 va 12−2-bandlar bilan to‘ldirilib, individual harakatlanish vositalari boshqaradigan shaxslarga taqiqlanadigan va majburiy bo‘lgan harakatlar belgilab berilmoqda.

“Individual harakatlanish vositalari” (IHV) — dvigatel (dvigatellar) (elektrosamokat, elektr skeytbordlar, segveylar, unisikllar, monog‘ildirak va boshqa shunga o‘xshash vositalar) yordamida odamning individual harakatlanishi uchun mo‘ljallangan bir yoki bir nechta g‘ildiraklari (roliklari) bo‘lgan transport vositasi.

“Individul harakatlanish vositalari” boshqaradigan shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:

  • 14 yoshdan kichik shaxslarni boshqarishi (yopiq hududlarda boshqarish bundan mustasno);
  • spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ta’sirida yoki o‘zgacha tarzda mast holatda, sezgirlik va e’tiborni susaytiradigan dori-darmonlar ta’sirida, yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan charchoqlik va betoblik holatida boshqarish;
  • bir yoki bir nechta IHVni shatakka olish;
  • tormoz tizimi, rul boshqaruvi, tovushli ishorasi, shuningdek sutkaning qorong‘i vaqtida yoki ko‘rinish cheklangan vaziyatlarda nosoz fara chiroqlari yoki fonarlar hamda orqa fara chiroqlari ishlamaydigan IHVni boshqarish;
  • rulni ushlamasdan yoki bir qo‘lda ushlab harkatlanish (IHV uchun);
  • yo‘lovchi bilan boshqarish;
  • telefondan foydalanish.

Shuningdek, individual harakatlanish vositalari fara yoki fonar, tormoz, tovush ishorasi, shuningdek old tomonida oq rangli, yon tomonida qizil yoki apelsin rangli, orqa tomonida qizil rangli nur qaytargichlar bilan jixozlangan bo‘lishi lozim.

Individual harakatlanish vositalari boshqaradigan shaxslar:

  • harakat davomida yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishi;
  • trotuarlardan, piyodalar yo‘lkalaridan, piyoda va velosiped yo‘lkalaridan soatiga 6 kilometr tezlikdan yuqori bo‘lmagan holatda, ular bo‘lmaganda esa yo‘lning o‘ng chetki qismida soatiga 20 kilometr tezlikdan yuqori bo‘lmagan holatda harakatlanishi;
  • yo‘llarning qatnov qismidan harakatlanishi;
  • turar joy dahalaridan chiqish vaqtida boshqa harakat ishtirokchilariga yo‘l berishi;
  • qat’iy ravishda boshqa transport vositalarini harakat yo‘nalishi bo‘yicha boshqarish kerak.

Avvalroq “Spot” 2024-yilgacha ayrim turdagi transport vositalari uchun haydovchilik guvohnomasi talab qilinmasligi haqida yozgandi.

Bular qatorida elektr dvigatelli transport vositalari, moped, kvadritsikl, tritsikl, skuter kabi mexanik moslamalar bor.