O‘zbekistonda aholiga ajratiladigan mikroqarz miqdorini oshirish taklif qilinmoqda. Bu bo‘yicha Markaziy bank qonun loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Unga ko‘ra, mikroqarz limitini amaldagi 50 mln so‘mdan 100 mln so‘mga oshirish belgilangan. Oxirgi marotaba, 2019-yili jismoniy shaxslarga beriladigan mikroqarzlar miqdori oshirilgandi.

Qayd etilishicha, bu aholining mikromoliyaviy xizmatlarga bo‘lgan talabidan kelib chiqib belgilanmoqda hamda natijada aholining faol qismi ulardan foydalanib, o‘zini-o‘zi band qilishi yoki tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Loyihaning tushuntirish xatida qayd etilishicha, bu masalada xorijiy davlatlarning tajribasi o‘rganilgan. Masalan, Rossiyada jismoniy shaxslar uchun ajratiladigan mikro qarzlar 500 ming rubl (61 mln so‘m), yuridik shaxslar uchun esa 5 mln rubl (610 mln so‘m)ni tashkil etadi.

Qozog‘istonda lombardlar tomonidan aholi uchun oylik hisob-kitob ko‘rsatgichining 8 ming baravari (717 mln so‘m), mikromoliya tashkilotlari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga oylik hisob-kitob ko‘rsatkichining 20 ming baravari (1 794 mln so‘m) miqdorida ajratiladi.

Belorusda mikromoliya tashkilotlari tomonidan bazaviy ko‘rsatkichning 15 ming baravari (2 651 mln so‘m), Gruziyada 50 ming lari (230 mln so‘m), Ruminiyada 25 ming yevro (330 mln so‘m)ni tashkil etadi.

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan nobank kredit tashkilotlarining soni 169ta bo‘lsa, shundan 85tasi mikromoliya tashkilotlari, 84tasi esa lombardlar hisoblanadi.

Nobank kredit tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilgan mikromoliyaviy xizmatlar miqdori joriy yilning 6 oyi davomida — 3,35 trln so‘mni tashkil etib, uning hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 58%ga (1,23 trln so‘mga) oshgan.

Tijorat banklari tomonidan esa aholiga 2023-yilning 6 oyi davomida 12,9 trln so‘mlik mikroqarzlar ajratilgan.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi davlat budjetidan qo‘shimcha mablag‘larni talab etmaydi, Yagona portalda joylashtirilgan va belgilangan tartibda tegishli vazirliklar va idoralar bilan kelishildi.

Qonun loyihasi bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar 31-oktabrgacha qabul qilinadi.