Xitoy Qirg‘iziston tadbirkorlariga viza berishni soddalashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qirg‘iziston Savdo-sanoat palatasiga tayanib, “24kg” nashri xabar berdi.

Savdo-sanoat palatasi rahbari Temir Sariyev va Xitoyning Qirg‘izistondagi elchisi Du Dyuyen savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Tomonlar tadbirkorlar uchun viza olish ishlarini faollashtirish muhimligini ta’kidlagan. Xitoyning Qirg‘izistondagi elchisi 17-dekabrdan Xitoy tomoni vizalar berish tartibini o‘zgartirayotganini ma’lum qildi.

“Shu bilan birga, u amaldagi normativlarga muvofiq bo‘ladi. Qirg‘iziston Savdo-sanoat palatasiga a’zo bo‘lgan ishbilarmonlar palata taklifnomasi va xati bo‘lsa, tashkilot orqali elchixonaga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, tadbirkorlar muammolari ustuvor tartibda hal etilishi qayd etilgan.

Avvalroq O‘zbekiston va Xitoy yuk tashuvchi haydovchilarga vizalarni yengillashtirilgan tartibda berishni ko‘rib chiqayotgani haqida ma’lum qilingandi.