Shavkat Mirziyoyev 15-dekabr kuni yoshlar siyosatida amalga oshirilgan ishlar va kelgusi yildagi ustuvor vazifalar bo‘yicha hisobot bilan tanishdi.

Bu boradagi chora-tadbirlar 7ta yo‘nalishda amalga oshirildi. Davlatning alohida e’tiboriga muhtoj 396 ming nafar yoshlar mutasaddi rahbarlarga biriktirilib, ular bilan individual ishlash orqali 331 mingining hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashildi. Jumladan, 94 ming nafarining bandligi ta’minlandi, 56 mingi kasb-hunarlarga o‘qitildi.

“Yoshlar daftari” orqali ko‘rsatiladigan yordam turlari soni 30taga yetdi, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddati esa 30 kundan 5 kungacha qisqardi.

Joriy yilda yoshlar yetakchilari tavsiyasi bilan 338 mingta yigit-qizga 444 mlrd so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Xususan, talabalarning shartnoma mablag‘lari to‘landi, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitish xarajatlari qoplab berildi. Ishsiz yoshlarga mehnat qurollari ajratildi.

Har bir mahallada “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirilib, joriy yilda 236 mingta ishsiz yigit-qiz va 189 mingta maktab bitiruvchisining bandligi ta’minlandi.

Yig‘ilishda yoshlar bilan ishlash borasida 2024-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarga e’tibor qaratildi. Xususan, har bir hudud, vazirlik va idoralar tizimida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangicha yondashuv joriy etiladi.

Yoshlar yetakchisi tavsiyasi bilan beriladigan yordam turlari transformatsiya qilinib, asosiy e’tibor ularni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatishga qaratiladi.

Bolalarning ko‘nikmalari, qiziqishlari va iste’dodini rivojlantirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston bolalar tashkilotini tuzish taklifi bildirildi.

Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash borasidagi ilmiy-tadqiqot va tahliliy ishlarni takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

“Ibrat farzandlari” loyihasi orqali xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlar soni 1 mlnga, “Mutolaa” dasturi orqali yosh kitobxonlar soni 1,5 mlnga yetkazish choralari ko‘riladi.

Buning uchun hududlarda qo‘shimcha infratuzilma barpo etilib, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidor va iste’dodini ro‘yobga chiqarish uchun sharoitlar yaratiladi.