Keyingi o‘quv yilidan “O‘zbek tili va adabiyoti” fani o‘qituvchilariga 50% ustama beriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Prezident “O‘zbek tili va adabiyoti” fani o‘qituvchilariga ham xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan boshqa fan o‘qituvchilaridan kam bo‘lmagan miqdorda qo‘shimcha haq to‘lanishi adolatdan bo‘lishini ta’kidladi.

Shu maqsadda milliy sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga kelgusi o‘quv yilidan boshlab 50% ustama to‘lanadi.

Bundan tashqari, o‘zbek tili bo‘yicha xalqaro fan olimpiadasi o‘tkazilishi, g‘olib va sovrindorlari pul mukofoti bilan taqdirlanishi hamda oliygohlarga o‘zbek tili filologiyasi yo‘nalishi bo‘yicha grant asosida qabul qilinishi belgilandi.

Kelgusi yildan milliy va jahon adabiyoti namunalarini ko‘p nusxada chop etish va barcha kutubxonalarga yetkazib berish lozimligi ta’kidlandi. Har yili eng yaxshi badiiy asarlar yaratish, tarjima qilish uchun ijodiy buyurtmalar berilib, muallif va tarjimonlarga munosib qalam haqi to‘lanadi.

Nashriyot va matbaa korxonalarining moliyaviy imkoniyatlari kengaytirilishi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlanishi zarurligi ta’kidlandi. Shu maqsadda mazkur korxonalar 5 yilga soliqlardan ozod etiladi, ularga imtiyozli kreditlar ajratiladi.

“Yana bir muhim masala — madaniyat va san’at sohasida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha jiddiy o‘zgarish qilishimiz shart”, — dedi prezident.

Mutasaddilarga musiqa va san’at maktablari muallimlarining oyligini oshirish, ushbu maktablarning kommunal xarajatlarini budjetdan qoplash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish topshirildi.

Madaniyat va san’at, kutubxona va muzeylar sohasida faoliyat olib borayotgan xodimlarning oyliklari 2024-yilning 1-aprelidan 20%ga, 2025-yildan yana 15%gacha oshiriladi.

“Cinema Park” — erkin iqtisodiy zona tashkil qilish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi. Hukumatga “Cinema Park” uchun davlat-xususiy sheriklik asosida Toshkent viloyati hududidan 50 gektar yer maydoni ajratish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.

Buxoro, Samarqand, Toshkent viloyatlari hokimlariga o‘z viloyatlarida “erkin iqtisodiy kinohududlar” barpo etish bo‘yicha loyihalarni boshlash topshirildi.