Avvalroq “Yo‘l harakati to‘g‘risida"gi qonun prezident tomonidan imzolangani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, yo‘l uchastkalarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash yoki ta’mirlash bo‘yicha ishlar bajarilayotganda yo‘lning mazkur uchastkalaridagi qatnov qismining ko‘pi bilan 50%i o‘tish uchun cheklanishi yoki yopilishi mumkinligi belgilandi.

Yo‘l uchastkalarida qatnov qismining 50%idan ko‘prog‘ini yopish zarur bo‘lgan taqdirda mazkur yo‘l uchastkalarini aylanib o‘tish ta’minlanishi kerak.

Qonunga muvofiq, ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlar chegaralarida to‘xtab turish joylarini qurishga oid qarorlar hokimliklar tomonidan qabul qilinadi.

To‘xtab turish joylarini joylashtirish ekologik xavfsizlikni ta’minlash hamda atrof-muhitga, aholining sog‘lig‘i va osoyishtaligiga salbiy ta’sirni kamaytirish hisobga olingan holda amalga oshiriladi.

Shuningdek, to‘xtab turish joylarida nogironligi bo‘lganlar uchun alohida joylar majburiy tartibda ajratiladi. “Parkovka"larni ro‘yxatga olish esa yo‘l egasi tomonidan amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, elektromobillar uchun alohida joylar ajratiladi. Bunday joylarda elektr quvvat manbalariga ulanish imkoniyati yaratilishi mumkin.

“parkovka"lardan foydalanishga monelik qiladigan to‘siqlarni va boshqa konstruksiyalarni o‘rnatish taqiqlanadi. Ularga transportlarning kirishini, chiqishini va harakatlanishini tashkil etish maxsus vakolatli davlat organlari bilan kelishilgan loyihaga muvofiq amalga oshiriladi.

Umumiy foydalanishdagi “parkovka"larning egalari tulardan foydalanish qoidalarini hamma uchun qulay bo‘lgan joylarga tanishib chiqish uchun joylashtirishi shart.

Pulli to‘xtab turish joylarining egalari ushbu joylardan foydalanganlik uchun to‘lov miqdorini Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadigan cheklangan miqdorlardan yuqori bo‘lmagan tariflar bo‘yicha mustaqil ravishda belgilaydi.

Bunda to‘lov naqd pul shaklida yoki naqd pulsiz, to‘lov tizimlaridan, jumladan, avtomatlashtirilgan to‘lov tizimlaridan foydalanilib, amalga oshiriladi.

Pullik “parkovka"larning egalari ushbu joylardan bepul yoki imtiyozli foydalanish huquqi beriladigan foydalanuvchilar hamda transportlarning ro‘yxatini belgilash huquqiga ega.

Shuningdek, pullik “parkovka"lar egalari ulardan foydalanganlik uchun avtomatlashtirilgan to‘lov tizimini joriy etishi hamda bunday hududda yo‘l belgilari o‘rnatilishini, videokuzatuv tizimlari yoki qo‘riqlashning boshqa texnik vositalari o‘rnatilishi va uzluksiz ishlashini ta’minlashi kerak.

Ularning kirish yoki chiqish joyiga tutash bo‘lgan to‘xtab turish joylari orasidan nogironligi bo‘lganlar boshqaradigan yoki ularni tashiydigan avtomobillar uchun joylar ajratilishini ta’minlashi shart.

2022-yil oxirida Toshkent shahar hokimligi avtomobillar uchun pullik to‘xtash joylarini joriy etish qarorini ma’qullagandi. Qiymati 891 mln so‘m bo‘lgan parkovkalar tajriba sinov tariqasida 10ta markaziy ko‘chada tashkil etiladi.