Prezident raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyatini faollashtirish lozimligi qayd etildi.

Bakalavriatda o‘nlab yo‘nalishlar mehnat bozori talablariga javob bermaydi. Ko‘p oliygohlar kredit-modulga o‘tdi, lekin talabaning qobiliyatini yuzaga chiqaradigan tizim yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Joriy yilda 122ta yangi yirik loyihalar boshlanadi. Bu esa yaqin yillarda murakkab texnologiyada ishlay oladigan 10 ming muhandis va texnologlar kerakligini bildirishi qayd etildi.

Lekin, oliygohlarda bunday mutaxassislarni tayyorlash 20%dan oshmaydi. Bu borada “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyatini ham faollashtirish lozimligi hamda xorijga ketgan talabalarning atigi 9%i muhandislik yoki texnologiyalar yo‘nalishida ekani qayd etildi.

Shuningdek yig‘ilishda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga 116ta oliygohni o‘rganib, ularni yiriklashtirish dasturini ishlab chiqish, ularga “milliy”, “davlat” universiteti, akademiya yoki institut maqomini berishning aniq mezonlarini belgilash topshirildi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi Prezident Administratsiyasi huzuriga o‘tkazilishi va xorijda o‘qitish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi belgilandi.

Endi jamg‘arma hisobidan yoshlarni chet elga o‘qishga yuborishda malakali va sifatli injener hamda texnologlar tayyorlashga ustuvorlik beriladi.

2023-yili “El-yurt umidi” jamg‘armasining stipendiya tanlovida jami 500ta o‘rin bo‘yicha kvotalar ajratilgandi.