Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasida avia va temir yo‘l transportlarida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan ishlar muhokama qilindi.

2023-yilda mamlakatdagi 11ta xalqaro aeroport va uchish-qo‘nish maydonchalari orqali 10,4 mln yo‘lovchi hamda 70,87 ming tonna yuk va pochtaga xizmat ko‘rsatilgan.

Aviakompaniyalar soni 9tadan 15taga yetkazilgan. Milliy aviaparkka xorijdan 28ta havo kemasi olib kelinib, umumiy soni 75tani tashkil etgan. Mamlakatdagi xorijiy aviakompaniyalar soni esa 40taga yetdi. Rezident va xorijiy aviakompaniyalar 20ta yangi xalqaro yo‘nalishda qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi.

Bundan tashqari, temir yo‘lda mahalliy yo‘lovchilarni tashish yo‘nalishlari 6taga oshirilib, 29taga yetkazilgan. Mazkur yo‘nalishlarda 44ta yo‘lovchi poyezd harakatlanib, 6tasi yuqori tezlikda harakatlanuvchi, 6tasi tezyurar, 16tasi yo‘lovchi poyezdlari hamda 18tasi shahar atrofida harakatlanuvchi elektropoyezdlardir.

Avia va temiryo‘l transporti uchun chipta xarid qilishda inson omili yuqori ekanligi, korrupsiya holatlari borligi qayd etildi. Vagonda birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsata oluvchi mutaxassislar yo‘qligi, shahar atrofi hududlarga harakatlanuvchi tezyurar elektrpoyezdlari qatnovi yetarli darajada tashkil etilmaganligi tanqid qilindi.

Mamlakatga lizing asosida olib kelinayotgan havo kemalari uchun aniq mezon belgilanmagan. Charter va muntazam parvozlarni amalga oshirish hamda xorijiy aviatashuvchilarni O‘zbekiston bozoriga jalb etishning mukammal emasligi, fuqaro aviatsiyasini raqamlashtirish va integratsiyalash belgilanmagani e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Deputatlar avia va temir yo‘l transportlariga bo‘lgan talab yuqoriligini qayd etib, tizimda tashuvchilarning qonunchilikda majburiyatlari va javobgarligini aniq belgilash, sohaga xususiy sektor va xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha mutasaddilarga takliflar berdi.

Eshituvda kun tartibidagi masala yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.