1-iyuldan banklar uchun aholiga kredit berish talablari kuchaytiriladi. Bu bo‘yicha Markaziy bank rahbarining tegishli qarori qabul qilindi.

Markaziy bank aholining qarz yuki ko‘rsatkichini joriy etadi, u o‘rtacha kredit to‘lovlarining qarz oluvchining o‘rtacha oylik daromadiga nisbati bilan hisoblanadi.

Bu parametr allaqachon jismoniy shaxslarning mikrokreditlariga nisbatan tatbiq etiladi. Xususan, mikrokreditlar berish qarz oluvchi daromadining yarmi bilan cheklangan.

Hozirda qarz yuki talabi faqat mikrokreditlarga nisbatan qo‘llanilib, 50%ni tashkil etadi. Joriy yilning 1-iyulidan kredit (mikroqarz) ajratishda qarz yuki 60%ni tashkil etadi va 2025-yildan 50%ga tushiriladi.

Regulyator avvalroq bu aholi daromadlarini soyadan chiqarish, norasmiy manbalarni baholash, shuningdek, banklarni mas’uliyatli kreditlash (responsible lending) sari undashi bilan izohlagandi.

O‘rtacha oylik daromad so‘nggi 6 oydagi ko‘rsatkichlarni hisobga oladi:

  • ish haqi;
  • pensiya to‘lovlari va jamg‘arma hisobvarag‘iga badallar;
  • bank hisobvarag‘iga olingan daromadlar;
  • to‘langan soliqlar;
  • foizlar, dividendlar va ijara to‘lovlari.

Shuningdek, agar kreditni to‘lash muddati 36 oydan oshsa, o‘rtacha oylik to‘lovlar miqdori hisob-kitobida kredit (mikroqarz) bo‘yicha barcha to‘lovlar xuddi shu davr uchun hisoblanadi.

Ipoteka kreditlarini berishda Markaziy bank kredit muddatini dastlab e’lon qilingan 120 oy emas, balki 180 oy (15 yil) qilib belgiladi.

Shu bilan birga, yangi talablar banklar kredit portfelining 85%iga ta’sir qiladi. Kredit tashkilotlari kredit to‘lovlari qarz oluvchining o‘rtacha oylik daromadining yarmidan oshmasligi to‘g‘risidagi talabga rioya qilmasdan, qolgan 15% hajmni o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf etishlari mumkin.

Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev 4-yanvar kuni jurnalist va blogerlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda yangi talablar faqat “Kredit axboroti byurosi” tizimiga ulangan banklar va mikromoliya tashkilotlariga nisbatan qo‘llanilishini ta’kidlagandi.

Uning ta’kidlashicha, kreditlashning ayrim turlari, jumladan, kulrang to‘lov rejalari yangi cheklovlarga uchramaydi. Biroq, Markaziy bank taklif etilayotgan cheklovlar kuchga kirganidan so‘ng aholiga kredit berish sur’ati pasayishini kutmaydi.

“Kreditni to‘xtatib turish haqida gapirganda ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Buning sababi shundaki, mavjud [kredit] resurslari biror joyga yo‘naltirilishi kerak. Kredit berish to‘satdan to‘xtamaydi. [Kreditlash] yo‘nalishlari o‘zgarishi yoki qarz oluvchilarga qo‘yiladigan talablar kuchayishi mumkin. Biz bank kreditni qaytarib bera olmaydigan qarz oluvchilarga kredit bermasligini ta’minlashga intilamiz. Biroq, kreditlash to‘g‘ridan-to‘g‘ri [yangi talablar sabab] kamayadi, deb aytish qiyin”, — deya izoh bergandi Markaziy bankning Kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish metodologiyasi boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Nosirov.

Bundan tashqari, regulyator tomonidan aholiga iste’mol, ipoteka va avtokreditlar berishda kredit riskini baholash ko‘rsatkichlarini joriy etish rejalashtirilgan.

Avvalroq Markaziy bank bitta bank va bitta to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasini qo‘llagani haqida xabar berilgandi.