Italiya — quyosh, xursandchilik va taassurotlarga boy mamlakat. Italyan maydonlari shinamlikka, ko‘chalari — rang-baranglikka to‘la, qahvasi xushbo‘y, uy pastasi va boshqa jihatlari bilan ajralib turadi.

Davlat Umarov 2023-yilda o‘zining ilk oilaviy sayohatiga nima sabab bo‘lgani, turar-joylarni tanlashda nimalarga katta e’tibor qaratishi, nimalardan doimiy foydalanishi va $4980ni nimalarga sarflagani haqida gapirib berdi.


shaxsiy tajriba

Davlat Umarov,

media-menejer va Taraqqiyot loyihalarini baholash bo’yicha mutaxassis.

2023-yilning iyul oyida turmush o‘rtog‘im Erasmus+ dasturi orqali Strasburg universitetini tugatdi. Shu munosabat bilan qaysidir davlatga sayohat sovg‘a qilishga qaror qildim. Mamlakatlar orasidan Italiyani tanladik.

Dastlab yolg‘iz o‘zim Fransiyaga parvozni amalga oshirdim. Chiptalarni 1,5 oy oldin Uzbekistan Airways aviakassasidan $450 (4 mln 800 ming so‘m atrofida) xarid qildim.

Sayohat oldidan Fransiya elchixonasidan shengen vizasini oldim. Bunga $85 to‘ladim. Yevropaga sayohatga bormoqchi bo‘lsangiz, rejalashtirishni yarim yil oldindan boshlaganingiz ma’qul. Shengen vizasi uchun hujjatlarni 2−3 oy oldin topshiring.

Maslahat N1. Italiyaga iyul oyida sayohat qilmang, chunki ob-havo juda issiq bo‘ladi, eng maqbul vaqt bahor oylarida, deb bilaman. Biz Italiyaga iyul oyida 20 kun davomida sayohat qildik. Bu paytda ob-havo +30…+35 daraja issiq, namlik ham yuqori darajada bo‘ldi.

Transport

Fransiyada diplom himoyasini o‘tkazib, sayohatimizni boshladik. Fransiyaning Lion shahridan Italiyaning Milan shahriga avtobusda yo‘lga chiqdik va bizning sayohatimiz shu tariqa boshlandi. Italiyagacha bir kishi uchun avtobus narxi $42 (2 kishi uchun $84) edi.

Bu davlatda shaharlararo poyezdlarda harakatlanish qulay va ommabop hisoblanadi. Ularning narxlarini bilan tanishtiraman:

  • Milandan Veronagacha — $11-$100, vaqti 1 soat 13 daqiqa;
  • Veronadan Venetsiyagacha — $10-$90, vaqti 1 soat 12 daqiqa;
  • Venetsiyadan Bolognagacha — $14-$60, vaqti 1 soat 33 daqiqa;
  • Bolognadan Florensiyagacha — $8-$170, vaqti 37 daqiqa;
  • Florensiyadan Rimgacha — $18-$170, vaqti 1 soat 37 daqiqa;
  • Rimdan Neopolgacha — $15-$70, vaqti 1 soat 8 daqiqa;
  • Neopoldan Milangacha — $45-$170, vaqti 4 soat 30 daqiqa.

shaxsiy tajriba

Foto: Rome2Rio

Har doim sayohatga chiqqanimda, qaysi davlat bo‘lishidan qat’iy nazar iloji boricha jamoat transportlaridan foydalanishga harakat qilaman. Italiyada ham jamoat transportidan foydalanish qulaylik olib keladi, lekin hamma shaharlarida ham emas.

Bu borada Milan menga juda yoqdi, sababi u yerda tramvaylar ko‘p, ular shaharning barcha joylarigacha yetib borgan.

Foto: Davlat Umarovning shaxsiy arxividan

“Spot"dan tavsiya: Italiyada avtobusdan tez-tez foydalanmoqchi bo‘lsangiz, “abbonamento” (avtobus chiptasi) olishingiz mumkin. Katta shaharlardagi avtobuslar odatda soat 06:00dan 23:00gacha ishlaydi. Rim, Milan va Neopol avtobus qatnovini saytlardan onlayn kuzatsa bo‘ladi.

Florensiya va Rim shaharlarida ham transportdan foydalanish yaxshi, ammo bizga noqulaylik tug‘dirgan shahar Neopol bo‘ldi. Bir safar Google-xaritadan avtobus harakatini kuzatib, yo‘nalishning oxirgi bekatidan chiqdik. Harakatlanishi kerak bo‘lgan vaqtida haydovchi avtobusni o‘chirib, pastga tushib ketdi. Shundan xulosa qildikki, bu shaharda jamoat transportlari ichida avtobusni o‘z vaqtida, grafik bo‘yicha harakatlanishi qiyin.

Venetsiya ichida qayiqda yurish yaxshi tanlov, sababi piyoda yurishga ko‘p vaqt va energiya ketadi. Shaharda qayiq orqali bir kunlik sayohat $22 turadi, lekin biz faqat kechki payt foydalanganimiz uchun ikki kishiga bir martalik chiptaga $16 to‘ladik.

Italiya shaharlari orasida poyezdda harakatlanish uchun bir kishiga jami $144 ketdi, biz ikki kishi bo‘lganimiz uchun $288 sarfladik.

Foto: Davlat Umarovning shaxsiy arxividan

Barcha shaharlardagi umumiy jamoat transportlarining barchasiga $109 ketdi. Ijaraga olgan uylarimiz asosan shaharlar markazlarida bo‘lganligi uchun, aksariyat joylarga piyoda bordik.

Maslahat N2. Sayohat qilayotgan shahringizdagi uyingizni iloji boricha shahar markazidan tanlang, shunda transportga kam pul sarflaysiz.

O‘zbekistonga qaytishimizda Milan — Toshkent reysida uchib keldik, uning narxi $400 atrofida edi.

Transport bo‘yicha umumiy xarajatlar:

  • Toshkent-Fransiya — $450 (bir kishiga);
  • Milan-Toshkent — $800;
  • Fransiya-Italiya — $84;
  • Milan-Verona — $28;
  • Verona-Venetsiya — $22;
  • Venetsiya-Bologna — $34;
  • Bologna-Florensiya — $24;
  • Florensiya-Rim — $48;
  • Rim-Neopol — $32;
  • Neopol-Milan — $100;
  • shaharlar ichida-$109;
  • Venetsiyada qayiq uchun-$16;
  • viza uchun-$85 (bir kishiga).

Jami: $1832 (ikki kishi uchun hisoblangan)

Turar joy va ovqatlanish

Biz Italiya shimolidan janubigacha jami 7ta shaharga sayohat qildik. Bular Milan, Verona, Venetsiya, Boloniya, Florensiya, Rim va Neopol. Bu shaharlarni har biri boshqa bir dunyo va bir-birini aslo takrorlamaydi. Shaharlarda kamida ikki kundan yashadik, diqqatga sazovor va kattaroq shaharlardan Rimda va Neopolda 3−4 kungacha qoldik.

Odatda, sayohat qilganimizda turar-joylarimizning 60−70%ini Airbnb platformasi orqali topdik, sababi u yerdagi insonlarning shaxsiy uylaridan 1−2 ta xonasini ijaraga olamiz. Bu bilan biz o‘sha yerdagi odamlar bilan birgalikda yashab, ularning hayot tarzi bilan yaqindan tanishdik. Ayrim shaharlarda Booking'dan ham foydalandik.

Maslahat N3. Uzoq muddatga sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz uy yoki ijara xonadonlarni topishda Airbnb'dan foydalaning. Sababi, unda qulay narx va yaxshi sharoitli uylar juda ko‘p.

Ko‘p narsa insonning qanday va kim bilan sayohat qilishiga ham bog‘liq. Agar bitta o‘zim sayohatga chiqqanimda anchagina arzon shakllarni tanlardim. Ammo, biz ikki kishi bo‘lganimiz uchun xostellarda qolishni to‘g‘ri tanlov deb bilmadim.

Oilam bilan sayohat qilganim uchun xavfsiz, xizmat ko‘rsatish sifati yaxshi va qulay turar-joylarni tanlashga harakat qildim, ularning narxlari ham shunga qarab o‘zgarardi.

Sharoiti bilan birga, uyni shahar markaziga va transport tarmoqlariga yaqin joydan izladik. Faqat Verona shahridagi uyimiz markazdan chekkaroqda joylashgan edi. U yerdan faqat 1ta avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilganligi bizga biroz noqulaylik tug‘dirgan.

Shuningdek, biz borgan shaharlarda narx-navo ham bir-biridan farq qiladi, ba’zilari arzon, ba’zilari qimmatroq. Misol uchun, Milan Neopoldan nisbatan qimmat shahar. Oziq-ovqatlar va ovqatlanish borasida bir kishi uchun kuniga o‘rtacha $22 sarflanadi, albatta bu ovqatlar turiga ham bog‘liq.

Italiya oshxonasi o‘zining mazzali taomlari bilan mashhur. Biz aynan shu taomlarini ta’tib ko‘rish uchun ba’zida ommabop, mashhur restoranlarga ham bordik va u yerda hisobimiz $30−$35gacha bordi.

Foto: Davlat Umarovning shaxsiy arxividan

Shaharlarda 20 kunga yaqin yashagan bo‘lsak, ovqatlanishimiz uchun jami 1 kishiga taxminan $500 miqdorida pul sarfladik.

Aloqa, internet qismiga ham to‘xtalsak. Smartfonim E-sim qabul qilgani bois, sim-karta sotib olishga zarurat tug‘ilmagan. Airalo ilovasini yuklab olib, butun safar davomida ikki marta paket sotib oldim va bunga $25 ketdi. Shuningdek, eSIM’ni SimOptions va Nomad saytlaridan ham sotib olish ham mumkin.

shaxsiy tajriba

Foto: Airalo

“Spot"dan tavsiya: Italiyaga borsangiz aloqa uchun SIM-kartalarni telefon do‘konlaridan, aeroportdan va onlayn sotib olishingiz mumkin. Tim yoki Iliad sim-kartalarini sotib olish qulayroq, ularni barcha chakana savdo do‘konlaridan topish mumkin. Ularning narxi tariflariga qarab $22 dan boshlanadi.

Turar-joy, ovqatlanish va SIM-karta xarajatlari:

  • Milan (2 kun) — $214;
  • Verona (2 kun) — $167;
  • Venetsiya (2 kun) — $227;
  • Bolonga (2 kun) — $155;
  • Florensiya (2 kun) — $201;
  • Rim (3 kun) — $431;
  • Neopol (4 kun) — $293;
  • ovqatlanish — $1000;
  • SIM-karta — $25.

Jami: $2713 (ikki kishi uchun hisoblangan)

Sayohat

Italiyada bemalol ingliz tilida muloqot qilsa bo‘ladi, xizmat ko‘rsatish joylarida ham ingliz tilini yaxshi tushunishadi, ya’ni til bo‘yicha muammo yo‘q.

Sayohatimizning esda qolarli voqealaridan biri — biz borgan paytda har yili bo‘ladigan qiziqarli festivallar, tadbirlar o‘tkazilgani bo‘ldi. Masalan, Veronada har yili o‘tkaziladigan “Arena Opera” festivaliga bordik va bu bizda yorqin xotiralarni qoldirdi. Unda opera bilan birga balletlar, konsertlar ham ijro qilindi. Jumladan, “Aida”, “Carmen”, “La Traviata” kabi operalar, “Roberto Bolle and Friends” baleti va “Juan Diego Flórez in Opera-Arena 100” konsert dasturlari bo‘lib o‘tdi.

Biz “La Traviata” operasiga tushdik, u yerga kirish narxi 1 kishi uchun $30 edi.

Foto: Davlat Umarovning shaxsiy arxividan

Venetsiyada “Redentore” festivalida qatnashdik, uning o‘ziga xos tomoni — kechki payt 40 daqiqa davomida shahar bo‘ylab katta va to‘xtovsiz mushakbozliklar o‘tkazildi.

Tub aholi qarindosh-urug‘lari bilan birgalikda bayramni o‘tkazish uchun katta dasturxon yozib, bir davraga jamlanishi hayratlantirdi. Bizda ham odatda marosimlarda bunday gavjumlikni ko‘rish mumkin, lekin u yerda oddiy bayramlar uchun ham oila bo‘lib to‘planishar ekanlar.

shaxsiy tajriba

Foto: Venezia Unica events

Vatikan shahriga “Sistine Chapel” va ko‘plab muzeylarni ko‘rish uchun bordik. Shahardagi muzeylarga kirish narxi 1 kishi uchun $22 edi. Bu joyga hafta davomida dushanbadan shanbagacha ertalabki 08:00 dan 17:00 gacha tashrif buyurish mumkin va ish vaqti esa19:00gacha davom etadi.

Maslahat N4. Shahardagi diqqatga sazovor joylariga kirish uchun chiptalarni bir oy oldin, ayrimlarida ikki oy oldindan sotib oling. Xaridni onlayn amalga oshirsa ham bo‘ladi.

shaxsiy tajriba

Foto: Davlat Umarovning shaxsiy arxividan

Muzeylarga onlayn chipta ololmasangiz ham kirish imkoniyati bor, faqat bu uchun yarim kun davomida navbatda turishga to‘g‘ri keladi. Bizda ham oldindan chiptamiz bo‘lmaganligi uchun ba’zi joylarga navbatda turdik, ya’ni birinchi kuni ertalab soat 6da “Sistine Chapel"ga chipta uchun men navbatda turdim, ertasiga “Colosseo” uchun turmush o‘rtog‘im navbat kutdilar. Bunday holatlarda sayohatlarga asosan 2 kishi bo‘lib borgan ma’qul.

Foto: Davlat Umarovning shaxsiy arxividan

Ba’zida kimdir chiptasini bekor qilsa, uni sotib olish imkoni paydo bo‘ladi, ammo kamdan-kam holatlarda. Men Leonardo Da Vinchining “Last Supper” asarini tomosha qilishni xohlagandim va Milandan uyga qaytadigan kunimizga yaqin vaqtda chiptalar chiqdi. Turmush o‘rtog‘im bilan birga muzeyda asarni ko‘rishga muvaffaq bo‘ldik.

Maslahat N5. Sayohatga borganda, ayniqsa, Leonardo Da Vinchining “Last Supper” asarini tomosha qilish uchun kirganingizda iloji boricha telefonga qayd etib emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib zavqlaning. Sababi, asarni ko‘rishga atigi 15 daqiqa vaqt beriladi. Biz bilan birga tashrif buyurganlarning 99%i bu vaqtni suratga olish bilan o‘tkazishdi.

shaxsiy tajriba

Foto: Davlat Umarovning shaxsiy arxividan

Shaharda sayohatga deyarli ko‘p pul sarflaganimiz yo‘q, cherkovlarga kirish bepul, lekin muzeylarga kirish pullik.

Foto: Davlat Umarovning shaxsiy arxividan

Neopol shahrida qiziq narsani kuzatdim, u yer aholisi uchun futbol sport turi din darajasiga ko‘tarilgan ekan. Shahar bo‘ylab Maradona haykalchalari keng yoyilgan.

shaxsiy tajriba

Foto: Davlat Umarovning shaxsiy arxividan

Sayohat uchun xarajatlar:

  • Milan: Leonardo Da Vinchi “Last Supper” — $34;
  • Verona: “Arena Opera festivali — $60;
  • Florensiya: “Uffizi galereyasi — $26, “Duomo” cherkovi — $54;
  • Vatikan: “Sistine Chapel” va muzeylar — $44;
  • Rim: “Panteon” — $12, “Colosseo” — $36;
  • Neopol: Katakombalar — $24, “Pompey” xarobalari va “Santorini” dengiziga sayohat — $90.

Jami: $380 (ikki kishi uchun hisoblangan)

Xaridlar

To‘lovlarni asosan bank kartalari orqali amalga oshirdik. Sayohatdan oldin dollar uchun “Visa”, yevro uchun “Mastercard” ochtirgandim. Ancha oldindan “Visa” kartamni to‘ldirib borganligim sababli, shu kartadan ko‘proq foydalandim. Qo‘shimcha naqd pulimiz ham bor edi, ammo deyarli barcha to‘lovlarni amalga oshirishda qiyinchilikka duch kelmadik.

Sovg‘a va xaridlar uchun ko‘p pul sarflaganimiz yo‘q, faqat Rimda yaqinlarimiz uchun juda ajoyib magnitchalar oldik va bularga $55 sarfladik.

Rejalar. Oilaviy sayohat — men uchun birinchisi va eng ajoyibi bo‘ldi. Oldin o‘zim xorijiy davlatlarda ko‘p bo‘lganman. Shuni ayta olamanki, keyingi sayohatimiz uchun rejalashtirishni yarim yil oldin boshlaymiz. Shu yili Ispaniya yoki Gretsiyaga borishni o‘ylayapman.


Umumiy moliya (ikki kishi uchun hisoblangan):

  • Transport — $1747;
  • viza — $85;
  • turar-joy — $1688;
  • ovqatlanish — $1000;
  • SIM-karta — $25;
  • sayohatlar uchun — $380;
  • xaridlar — $55.

Jami: $4980.