1-mart kuni valyuta birjasida dollar kursi yangi maksimal darajaga ko‘tarildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12514 so‘m etib belgiladi. Kun davomida kurs 17 so‘m 65 tiyinga oshdi.

Markaziy bankning 22-fevraldagi e’lon qilgan valyutalar kursida AQSh dollarining so‘mga nisbatan kursi 12508 (+19,52) so‘mni tashkil qilgandi.

23-fevral kuni esa valyuta birjasida dollar kursi 18 so‘mga pasayib 12490 so‘mni tashkil qildi. 26-fevralda dollar kursi 9 so‘m 10 tiyinga pasayib, 12480 so‘mni tashkil qildi.

2023-yilning 10-avgust kuni Amerika valyutasi ilk bor 12 ming so‘m chegarasidan o‘tdi. Rasmiy kursning 400 so‘mga sakrashi 2018-yilda valyuta bozori liberallashganidan beri eng keskin ko‘tarilgan.

Bungacha u yana ikki marta — 7 va 9-avgust kunlari eng yuqori ko‘rsatkichlarni yangilagan. Undan keyin Markaziy bank bu bo‘yicha izoh berdi.

Xususan, asosiy savdo-hamkor davlatlar milliy valyutalarining sezilarli qadrsizlanishi tashqi savdo va pul o‘tkazmalari kanali orqali so‘mning real samarali almashuv kursining mustahkamlanishiga olib keldi.