16-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida to‘qimachilik sohasida eksport va investitsiya hajmlarini oshirishga qaratilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Hududlardagi to‘qimachilik bo‘yicha 6 mingdan ziyod korxonada 570 ming kishi ish bilan ta’minlangan. O‘tgan yili $8,2 mlrdlik to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich 7 yil oldingiga nisbatan 4,2 baravar ko‘p.

Shuningdek, 2023-yilda tarmoqdagi eksport $3,1 mlrd bo‘ldi. Bu yil yana uchta yangi bozorlarga chiqilib, eksport geografiyasi 83ta davlatga yetdi. Biroq muayyan kamchiliklar borligi ta’kidlandi.

Tayyor tovarlar eksportida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushi kam. Eksportning qariyb 80%i an’anaviy bozorlarga to‘g‘ri keladi. Yevropaga eksport hajmi kutilganidek emas.

Rivojlangan davlatlar bozoriga yoki brendlarga eksport hajmini oshirish uchun xalqaro standart va sertifikat talab etiladi. Atigi 175ta korxona bunday talablarga javob beradi. 18ta tumanda to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish yillik hajmi $1 mlnga yetmaydi.

Viloyat hokimlari investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlarining bu boradagi faoliyati sustligi, eksportchilarga ko‘maklashishga e’tiborsizligi tanqid qilindi.

Mamlakatdagi xomashyo bilan kamida $15 mlrdlik mahsulot ishlab chiqarish, yana 500 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkoniyati bor. Masalan, 1 kg ip-kalavaning tannarxi jahondagi narxlardan o‘rtacha 28% arzon. Bu — tayyor mahsulotni ko‘paytirish va raqobat uchun juda katta imkoniyat.

O‘tgan yil boshida gazlama, bo‘yash-pardozlash, tayyor tikuv-trikotaj loyihalari uchun $50 mln resurs ajratilgan. Bu mablag‘ ishlatilganidan keyin, yana $100 mln yo‘naltirish rejalashtirilgan. Davlat rahbari hududlarda loyihalarni va ish o‘rinlarini ko‘paytirish kerakligini ta’kidladi.

Yirik korxonalarning mahallalarda filiallarini tashkil qilish amaliyotini kengaytirish zarurligi qayd etildi. Korxona boshqa hududda filial ochsa, ortiqcha vaqt va xarajat qilib, yangidan standart joriy qilishi yoki sertifikat olishi shart emas.

O‘z faoliyatini yiriklashtirgan korxonalar bilan ishlashda Soliq qo‘mitasi huzuridagi Yirik soliq to‘lovchilar inspeksiyasi faoliyatini takomillashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bundan buyon Inspeksiya faqat yirik strategik tarmoqlarga mas’ul bo‘lishi taklif qilindi.

Mamlakatda 1,3 mln tonna tolani qayta ishlash quvvati bor. Lekin hozirda 1 mln tonnaga yaqin tola tayyorlanmoqda. Shu bois paxta yetishtirish tannarxini kamaytirish va hosildorlikni oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Bundan buyon viloyatda qayta ishlashni birinchi va ikkinchi zanjiri bor to‘qimachilik korxonasi paxta xomashyosini fermerdan bozor narxida sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi va o‘z vaqtida yakuniy hisob-kitobni amalga oshiradi.