19-aprel kuni davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini tezlashtirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, professional konsultantlarni jalb qilgan holda xalqaro bozorda ommaviy savdolarga chiqariladigan aksiya paketlari, Xalqaro fond bozorida aksiyalarining birlamchi (IPO) yoki ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi o‘tkaziladigan davlat ishtirokidagi yirik korxonalar ro‘yxati tasdiqlandi.

Xususiylashtirish oldi tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirishga mas’ul ishchi guruhlar tarkibi belgilandi. Ular professional konsultantlarni jalb etish va davlat ishtirokidagi yirik korxonalar tomonidan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining barqaror ko‘rsatkichlariga erishilishini muvofiqlashtirib borishadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi aksiyador bo‘lgan davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni xususiylashtirishga tayyorlash, ishonchli boshqaruvchilarni jalb etish va muvofiqlashtirishga xalqaro konsultantlar va yuridik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar “UzAssets” investitsiya kompaniyasi" tomonidan jalb qilinadi.

Joriy yilning 1-iyulidan, davlat ishtirokidagi yirik korxonalarda korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, jumladan boshqaruv organlari faoliyati samaradorligini oshirish uchun kuzatuv kengashiga bo‘ysunadigan korporativ kotibiyat tashkil etiladi.

Shuningdek, korporativ boshqaruvning yangilangan qoidalari va axloq kodeksi joriy etiladi. Kuzatuv kengashining bayonnomalarini masofaviy elektron ovoz berish byulletenlari orqali rasmiylashtirish imkoniyati yaratiladi.

Avvalroq prezidentning tegishli qarori bilan 247ta korxona hamda 1028ta ko‘chmas mulk obyektidagi davlat aksiya paketlari ommaviy savdolarga chiqarilishi belgilangandi. Shu bilan birga, 12ta yirik korxonadagi davlat ulushlarining mahalliy fond bozorida birlamchi (IPO) va ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi o‘tkaziladi.