Toshkent shahri va Namangan viloyatida 1,5 mlrd so‘mlik gaz talon-toroj qilindi.Bu haqda Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

Departamentning Yunusobod tumani bo‘limi tomonidan “Hududgaz Poytaxt” gaz ta’minoti filiali xodimlari bilan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “M.4.” oilaviy korxonasi rahbari X.M. va boshqalarning jami 1,2 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.

Mazkur shaxslar maktabgacha ta’lim muassasasi binosini hech qanday hujjatsiz tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulagan.

Departamentning Chust tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda “Ch.M.” xususiy korxonasi rahbari M.M. hamda yakka tartibdagi tadbirkor B.X. temirni qayta ishlash sexi va novvoyxonani hech qanday hujjatsiz tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi gaz tarmoqlariga o‘g‘irlik yo‘li bilan ulagan.

Natijada esa jami 295 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan. Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Toshkent viloyatida metan “zapravka” 1,8 mlrd so‘mlik tabiiy gazni talon-toroj qilgandi. Bir oy davomida noqonuniy foydalanilgan gaz hajmi 1,27 mln metr kubni tashkil etadi. Holat yuzasidan korxona rahbariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.