Avvalroq adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, 1-iyundan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunchilik hujjatlari va islohotlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazishning yangi tartibi joriy qilinadi.

Adliya vazirligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining faoliyat yo‘nalishlaridan kelib chiqib huquqiy targ‘ibot materiallari tayyorlanadi hamda ularning eng quyi bo‘g‘inigacha Yagona huquqiy axborot almashish tizimi orqali yuboriladi.

Davlat organlari va tashkilotlarining huquqiy axborotni yetkazishga oid faoliyati raqamlashtiriladi va huquqiy targ‘ibotning innovatsion usullari tatbiq etiladi.

O‘z faoliyati sohasiga oid huquqiy axborotlarni aholiga yetkazish faoliyatini tashkil qilish hamda muvofiqlashtirishga mas’ul bo‘linmalar belgilanadi.

Mahallalarda haftaning har chorshanba kuni huquqiy targ‘ibot kuni etib belgilandi. Unda quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:

  • “Online-mahalla” platformasiga kiritilgan va aniqlangan muammolarning huquqiy yechimlariga qaratilgan manzilli huquqiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil qilish;
  • aholi uchun eng dolzarb masalalarni aniqlash orqali ular yuzasidan huquqiy tushuntirish va maslahatlar berish;
  • ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari uchun imtiyozlar va moddiy yordam berish, nafaqa tayinlash, ishsizlikdan himoyalanish, vaqtinchalik ish bilan ta’minlash, ijtimoiy yordam olish tartibi bo‘yicha tizimli huquqiy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish;
  • kundalik hayotda eng ko‘p zarur bo‘ladigan xizmatlardan foydalanish tartibi hamda ulardan my.gov.uz kabi elektron resurslar orqali foydalanishning afzalliklari to‘g‘risida huquqiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil qilish.

Farmonga muvofiq, Adliya vazirligi davlat organlari va tashkilotlarida huquqni qo‘llashni metodik ta’minlash bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.

Har yili huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va metodik ta’minlash bo‘yicha manzilli va tematik tahliliy o‘rganishlar dasturi ishlab chiqilib, amalga oshiriladi.

2024-yilning 1-sentabrigacha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Jizzax viloyati Do‘stlik tumani hokimligi hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida namunali huquqni qo‘llash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Keyinchalik, har yili kamida 10ta vazirlik va idoralarning huquqni qo‘llash faoliyati tahlil qilinib, takomillashtirib boriladi. Huquqni qo‘llash amaliyotida uchrayotgan tizimli muammolarni bartaraf etish bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqilib, Lex.uzga joylashtirib boriladi.