Oqo‘rda qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Ikki mamlakat rahbarlari 2024−2034 yillarga mo‘ljallangan strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturi qabul qilinganini qayd etdilar. Davlat rahbari ustuvor vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.
Xalqaro tuzilmalar doirasida pozitsiyalarni muvofiqlashtirish va umumiy manfaatlarni samarali ilgari surish muhimligi ta’kidlandi. Parlamentlararo forumni ta’sis etish, Ekspertlar kengashi ishini davom ettirishga kelishildi.
Tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda $10 mlrdga yetkazishda alohida dastur qabul qilinadi hamda bozorlarni o‘zaro shakllantirish, mavjud cheklovlarni bartaraf etishga e’tibor qaratiladi. Hududlar o‘rtasidagi aloqalar strategik sheriklikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.
Transport va tranzit sohasida ishbilarmon doiralarni jalb etgan holda ikki mamlakat o‘rtasida yangi transport yo‘laklarini qurish loyihalarini ishlab chiqishga kelishib olindi. Bundan tashqari, yangi logistika infratuzilmasini yaratish ishlarini kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Mintaqada suvdan foydalanish borasida ishonchli huquqiy bazani shakllantirish, suv xo‘jaligi obyektlarini avtomatlashtirish va raqamlashtirish ishlari davom ettiriladi. Madaniyat, ta’lim, yoshlar va turizm sohalaridagi almashinuvlar rivojlantiriladi.
Ikki tomonlama muzokaralar yakunida davlat rahbarlari ikkita oliy ta’lim muassasasining ochilishida ishtirok etishdi. Xususan, Olmaotada Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Chirchiq shahrida esa Muxtar Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universiteti (Auezov University) filiallari ochildi.
Qayd etilishicha, mazkur ta’lim muassasalarida talab yuqori bo‘lgan texnik yo‘nalishlar bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlanadi.
Shuningdek, Sian-Xorg‘os-Olmaota-Sariyog‘och-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha birinchi yuk poyezdining yetib kelishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Ushbu yo‘nalish yuk tashish vaqtini qisqartirib, savdo hajmini oshirish imkonini yaratadi.
Yuk poyezdi Sian shahridagi Qozog‘iston-Xitoy terminalidan “Xorg‘os” quruq portiga yo‘l oldi. U yerda konteynerlar qayta ortildi va Qozog‘iston temir yo‘llari bo‘ylab “Sariyog‘och” stansiyasi orqali so‘nggi manzilga — “Toshkent” stansiyasiga jo‘natildi.
Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisi yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ikki mamlakat yetakchilari Qo‘shma bayonot hamda Oliy davlatlararo kengashning 2024−2034 yillarda strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturini tasdiqlash va Tashqi ishlar vazirlari kengashini tuzish to‘g‘risidagi qarorlarini imzoladilar.
Tashrif doirasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha quyidagi hujjatlar to‘plami qabul qilindi:
- Davlat chegarasi rejimi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim;
- Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari va xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimlarga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi bayonnomalar;
- 2024−2025 yillarda madaniy-gumanitar hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo tadbirlar rejasi;
- Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Iqtisodiyot vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Tabiiy monopoliyalarni tartibga solish va raqobat siyosati sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bayonnomalar;
- O‘zbekiston-Qozog‘iston Ekspertlar kengashini ta’sis etish to‘g‘risida memorandum;
- O‘zbekiston Millatlararo munosabatlar va do‘stlik aloqalari qo‘mitasi va Qozog‘iston Otandastar jamg‘armasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv to‘g‘risida bitim;
- 2024−2026 yillarda Toshkent shahar hokimligi va Ostona shahar hokimligi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi.
Avvaleoq Oqo‘rda qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi.