Markaziy bank yangi firibgarlarlik holati haqida ogohlantirdi.

Qayd etilishicha, bank xodimlari sizning bank kartangizda qancha pul borligi, oyligingiz qancha ekanligi, sizning nomingizda qanday mol-mulk borligi va yashash manzilingizda kimlar ro‘yxatdan o‘tgani haqida qiziqmaydi. Bularni faqat firibgarlar so‘raydi.

Avvaliga, firibgarlar o‘zlarini tijorat banki xodimi deb tanishtirgan bo‘lsa, endilikda Markaziy bank nomidan firibgarlikni amalga oshirishga urinmoqdalar, deyiladi xabarda.

Yodda tutingki, bank xodimlari sizga hech qachon “Telegram” orqali suhbatni davom ettirish taklifini bildirmaydi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali suhbatlar norasmiy hisoblanadi hamda u bank va mijoz o‘rtasidagi kelishuvlarda rasmiy kuchga ega emas.

Firibgarlik holatini aniqlashning yana bir usuli — ular suhbat davomida o‘zini bank xodimi deb tanishtiradi va Markaziy bank nomidan soxta imzo qo‘yilgan qalbaki hujjatlar orqali fuqaroning ishonchiga kirishga harakat qiladi.

Regulyator fuqarolardan ogoh bo‘lishni hamda o‘zini va pullarini ehtiyot qilishni so‘ramoqda.

Markaziy bank avvalroq ham yangi firibgarlarlik holati haqida ogohlantirish bilan chiqqan edi.

Unga ko‘ra, firibgarlar Markaziy bankning ramziy belgilari tushirilgan soxta hujjatlar yuborish orqali mobil qurilmalarga zararli ilovalarni o‘rnatishga urinish holatlari aniqlangan.