Moliyaviy xizmatlar sohasi sun’iy intellekt (SI) texnologiyasini joriy etish yo‘lida dastlabki qadamlarni tashlamoqda — bu prognozlarga ko‘ra, hamma narsani o‘zgartiradi: moliyaviy muassasalar firibgarlik faktlarini aniqlash usulidan tortib, mijozlarga xizmat ko‘rsatish yondashuvlarigacha.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, SI mijozlarga xizmat ko‘rsatishni avtomatlashtirish va shaxsiylashtirilgan takliflarni ishlab chiqishga katta ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqotda ishtirok etgan bank sektoridagi tashkilotlarning 67 foizi allaqachon generativ sun’iy intellektga sarmoya kiritgan. Asosan, bu texnologiya mijozlar bilan o‘zaro aloqa qilish uchun chat-botlarda qo‘llanildi. “McKinsey” hisobotiga ko‘ra, sun’iy intellektni joriy etishdan keladigan potensial foyda juda katta: to‘g‘ri qo‘llanilganda bu texnologiya bank sektoriga yiliga 340 milliard dollargacha foyda keltirishi mumkin.
Ushbu texnologiyaga e’tibor bermaslik juda ham xavfli. Agar moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi kompaniyalar zamon bilan hamnafas bo‘lmasa, ular o‘n yildan keyin bozorda yo‘q bo‘lib ketishlari mumkin.
Xavfsizlikni oshirish
Moliya sektori ko‘plab tuzilmaviy bo‘lmagan ma’lumotlarni yaratadi, ularning ba’zilari unchalik aniq bo‘lmagan manbalardan, masalan, bankomatlar va mijozlarga xizmat ko‘rsatish ofislaridagi video kuzatuv kameralari yozuvlaridan keladi. Ko‘p hollarda bu ma’lumotlar faqat xavfsizlik hodisalariga javob berish uchun ishlatiladi, ular bilan esa navbatda turish vaqtini optimallashtirish yoki potentsial firibgarliklarni aniqlash mumkin.
Ayrim hollarda SI algoritmlaridan real vaqt rejimida mijozlarning noodatiy xatti-harakatlarini aniqlash uchun tranzaksiyalarni kuzatish va tahlil qilishda foydalanish mumkin. Masalan, bir kishi shaharning turli nuqtalarida bankomatlardan kuniga bir necha marta pul yechib olishi firibgarlik fakti uchun signal bo‘lishi mumkin. Sun’iy intellektdan foydalangan holda banklar xavfsizlik choralarini kuchaytirishi va tahdidlardan himoyalanishi mumkin.
Bank ishining yangi shaxsi
SI mijozlarga xizmat ko‘rsatishda sezilarli darajada foydali bo‘lishi va hatto odamlarning banklar bilan o‘zaro munosabatlarining mutlaqo yangi usullari paydo bo‘lishiga turtki berishi mumkin. Bugungi kunda ko‘plab moliyaviy tashkilotlar mijozlar bilan ishlash sifatini oshirish uchun virtual yordamchilarni ishga olishmoqda. Yaqin kelajakda esa odamlar bank filialiga kelib, xuddi odam kabi, ammo aslida sun’iy intellekt tomonidan boshqariladigan avatar bo‘lgan mijozlar bilan ishlash bo‘yicha intellektual agentlarga og‘zaki murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi. Bunday kiosklar mijozlarning qoniqishini oshirishga yordam beradi, ularning operator tomonidan xizmat ko‘rsatilgunga qadar kutish vaqtini qisqartiradi va shaxsiylashtirilgan hamkorlikni taklif qiladi.
Bank biznesini rivojlantirish uchun ushbu texnologiyaning inqilobiy salohiyatini namoyish etuvchi sun’iy intellektdan foydalanishning yana bir misoli bu intellektual maslahat yordami va har bir mijoz uchun moslashtirilgan bank takliflarini tanlashdir. Masalan, ko‘pchilik odamlarning moliya bozorlari va aksiyalar, yangi takliflar va bank stavkalari va hokazolar haqidagi barcha ma’lumotlarni o‘qishga vaqti yo‘q. Banklarda mavjud bo‘lgan barcha mahsulot va xizmatlar haqidagi ma’lumotlarga asoslanib, sun’iy intellekt asosidagi tavsiya algoritmlari mijozlarga qayerdan ko‘p foyda olishlari mumkinligini aytib berishi mumkin. Mijoz uchun qanchalik foydali bo‘lsa, bank uchun ham shunchalik manfaatli. Albatta, sun’iy intellektni joriy etish jarayoni tez va oson emas va biznes jarayonlarini qayta qurish IT-infratuzilmasini to‘liq modernizatsiya qilishni talab qiladi.
Optimal yondashuv
Tarixan, mavjud qat’iy me’yoriy qoidalar, to‘plangan ma’lumotlarning maxfiyligi, shuningdek, pul yuvish bilan bog‘liq ko‘plab cheklovlar tufayli har qanday moliyaviy tashkilot ham yangi texnologiyalarni joriy etish tashabbusini bajonidil o‘z zimmasiga olmaydi. Lenovo va IDC tadqiqotlariga ko‘ra, banklar konservativ yondashuvga amal qilishadi: 67% yangi texnologiyalarni sotib olishdan ko‘ra sun’iy intellekt sohasida o‘z yechimlarini yaratishni afzal ko‘rishadi. Biznes yetakchilari texnologiyalardan qo‘rqishni to‘xtatishlari kerak va ularni joriy etishdan kelib chiqadigan potentsial xatarlar va ushbu texnologiyalar sanoat uchun ochishi mumkin bo‘lgan imkoniyatlar o‘rtasidagi muvozanatni topish juda muhimdir.
Sun’iy intellektni joriy etishda bank biznesi rahbarlari duch keladigan yana bir muammo — bu xodimlarning o‘z ish joylari uchun xavotirlanishlaridir. Bu sohada biznes yetakchilari kelgusi o‘zgarishlarni muhokama qilishda eng faol rol o‘ynashlari, o‘zlari ta’sir o‘tkaza oladigan jabhalarga e’tibor qaratishlari lozim
Shaxsiy kompyuterlar paydo bo‘lganda, odamlar o‘z ishlarini yo‘qotishdan qo‘rqqan edilar, biroq amalda kompyuter inqilobi ko‘plab yangi kasblar va ish o‘rinlarini vujudga keltirdi.
Shu bois, rahbarlar o‘z xodimlari orasida tushuntirish ishlarini olib borishi, ularning kasbiy malakasini oshirishi hamda sun’iy intellekt bilan ishlashning asosiy tamoyillarini o‘rgatishi muhim ahamiyatga ega.
Hozir qulay vaqt
Sun’iy intellekt juda tez sur’atda rivojlanmoqda: texnologik jarayonlar tobora qisqarib bormoqda va kelgusi o‘n yillik bank sohasida jiddiy o‘zgarishlar davri bo‘ladi. Biznes yetakchilari qat’iy harakatlar qilishlari, mijozlarining fikrlarini e’tiborga olishlari hamda xavf va foyda o‘rtasidagi muvozanatni saqlaydigan to‘g‘ri yondashuvni topishlari zarur.
Reklama huquqlari asosida.