Meta Facebook va Messenger’da o‘smirlar uchun maxsus akkauntlarni taqdim etmoqda. Bu haqda TechCrunch nashri xabar berdi.

Yosh foydalanuvchilarni o‘rnatilgan himoya vositalari bilan avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazadigan bu funksiya dastlab AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Kanadadagi platformalarda ishga tushiriladi, keyinchalik esa boshqa hududlarga ham tarqaladi.

instagram, jonli efir, o'smirlar, ota-onalar

O‘smirlar uchun akkauntlar Instagram’da o‘tgan yilning sentabr oyida ilk bor paydo bo‘lgan edi.

Bu Instagram va boshqa mashhur ijtimoiy tarmoqlar o‘smirlarni himoya qilish bo‘yicha yetarli chora ko‘rmayotgani uchun AQSHlik qonun chiqaruvchilar tomonidan tanqidga uchragan paytga to‘g‘ri keldi.

Seshanba kungi e’londa Meta Instagram’dagi o‘smirlar akkauntlari uchun yangi o‘rnatilgan himoya vositalarini joriy etayotganini ma’lum qildi.

Facebook va Messenger’ga kengaytirilishi bilan o‘smirlar avtomatik tarzda nomaqbul kontent va aloqalarni cheklashga mo‘ljallangan muhitga tushadi. 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar istalgan sozlamani o‘zgartirish uchun ota-onasining ruxsatini olishi shart.

Meta blogidagi ishga tushirish haqidagi xabarda o‘smirlar uchun aniq cheklovlar ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, kompaniya TechCrunch’ga yuborgan elektron xatida o‘smirlar faqat o‘zlari obuna bo‘lgan yoki avval xabar yuborgan kishilardan xabar olishini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, o‘smirlarning hikoyalarini faqat do‘stlari ko‘rishi va ularga javob berishi mumkin. Teglar, eslatmalar va izohlar ham ular obuna bo‘lgan yoki do‘st bo‘lgan odamlar bilan cheklanadi.

O‘smirlarga, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardan kuniga bir soat foydalanganidan so‘ng chiqib ketish haqida eslatmalar yuboriladi. Bundan tashqari, tunda ular “Sokin rejim"ga o‘tkaziladi.

Instagram’dagi yangi cheklovlarga kelsak, 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarga ota-onalari ruxsat bermasa, platformada jonli efirga chiqishga ruxsat berilmaydi.

Bundan tashqari, 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar shaxsiy xabarlardagi ehtimoliy yalang‘och tasvirlarni xiralashtiradigan ilova funksiyasini o‘chirish uchun ota-onalarining ruxsatini olishlari shart bo‘ladi.

instagram, jonli efir, o'smirlar, ota-onalar


Avvalroq Spot TikTok ota-onalarga farzandlarining ijtimoiy tarmoqqa kirishini bloklashga ruxsat bergani haqida yozgandi.

Endi ota-onalar farzandlarining ilovadan foydalanish vaqtini belgilashi, obunalari va kuzatuvchilarini ko‘rishi, shuningdek, kimni bloklaganini ko‘rishi mumkin.