Shavkat Mirziyoyev davlat kompaniyalari aksiyalarini fond bozorlariga chiqarish jadvalini tasdiqladi. Bu haqda prezidentning 21-apreldagi qarorida keltirilgan.
Unga ko‘ra, xorijiy hamda mahalliy fond birjalarida aksiyalarining birlamchi (IPO) va ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi o‘tkaziladigan 12 ta korxona ro‘yxatga kiritilgan.
Savdo jarayonlarini 2025−2028-yillarda bosqichma-bosqich amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Davlat ishtirokidagi korxonalarning 10% dan 25% gacha ulushi savdoga chiqariladi.
Ushbu kompaniyalar quyidagi jadvalda keltirilgan:
Aksiyadorlik jamiyati nomi | Davlat ulushi (%) va sotish shakli | Savdoni e’lon qilish muddati |
Navoiy KMK | 10−15, IPO | 2025-yil II yarmi |
O‘zbekiston milliy investitsiya jamg‘armasi | 25, IPO | 2026-yil I yarmi |
Navoiyuran | 10−15, IPO | 2026-yil II yarmi |
Uzbekistan Airways | 15−20, IPO | |
Olmaliq KMK | 10−15, IPO | 2027-yil I yarmi |
O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari | 10−20, SPO | |
O‘zbektelekom | 10−15, IPO | 2027-yil II yarmi |
O‘zbekgidroenergo | 15−20, IPO | |
Hududiy elektr tarmoqlari | 20−25, IPO | 2028-yil I yarmi |
O‘ztransgaz | 15−20, IPO | |
Uzbekistan Airports | 15−20, IPO | |
Hududgazta’minot | 15−20, IPO | 2028-yil II yarmi |
Milliy investitsiya jamg‘armasi va uning ulushi bo‘lgan korxonalarning IPOsi Franklin Templeton Asset Management kompaniyasi bilan birgalikda o‘tkaziladi. Singapur investitsiya kompaniyasining sho‘ba tuzilmasi joriy yilning fevral oyida MIJ portfelini professional boshqarish bo‘yicha shartnoma tuzgan.
Xususiylashtirish bo‘yicha davlat komissiyasi aksiyalar paketlarini auksionga chiqarish muddatlarini, shuningdek, sotiladigan ulushlar hajmini va ularni sotish shaklini o‘zgartirishi mumkin.
Avvalroq Spot O‘zbekneftgaz 2028-yildan keyin IPO o‘tkazishga tayyorlanayotgani haqida xabar bergandi.