O‘zbekiston Shveysariyadan Gulnora Karimovaning muzlatilgan $95 mlnlik aktivlarini qaytarib oldi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov ma’lum qildi, deya xabar berdi Gazeta.uz nashri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki $95 mln qaytarilayotgan mablag‘larni shaffof va samarali taqsimlash uchun tashkil etilgan Uzbekistan Vision 2030 trast fondiga kelib tushgan. Uning aniqlik kiritishicha, bu mablag‘lar birinchi navbatda O‘zbekistonda ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi Konstantin Obolenskiy $182 mlnlik aktivlarning ikkinchi qismi qachon qaytarilishi mumkinligiga aniqlik kiritib, transhlar fondga resurslarni taqsimlash strategiyasi qabul qilingach o‘tkazilishini ta’kidladi.

“Aynan shu strategiya doirasida mablag‘larni nimaga sarflashning ustuvor yo‘nalishlari belgilanadi. Resurslarni taqsimlash bo‘yicha yangi strategiya tasdiqlangach, ushbu mablag‘lar Shveysariyadan jamg‘armaning bankdagi hisob raqamiga o‘tkaziladi. Biroq bu yo‘qotilgan pul ham, yo‘qotilgan vaqt ham emas”, — deya ta’kidladi Konstantin Obolenskiy.

aktivlar, bmt, gulnora karimova, iqtisodiyot va moliya vazirligi

Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu mablag‘lar Shveysariya hukumatining bank hisob raqamida bo‘lganligi sababli foiz keltiradi. Va olingan barcha foizlar ham kelajakda jamg‘arma uchun yo‘naltiriladi.

BMTning Ishonch jamg‘armasi kotibiyati rahbari Yonas Astrup Gazeta.uz'ga bergan intervyusida Gulnora Karimovaning musodara qilingan aktivlarini O‘zbekistonga qaytarish uchun restitutsiya jamg‘armasiga umumiy hisobda $313 mln ajratilganini ta’kidladi. Shundan $95 mlni Shveysariyadan BMTning Nyu-Yorkdagi bank hisobiga o‘tkazilgan. Qolgan mablag‘lar esa Shveysariya hukumati nazoratidagi Shveysariya bank hisoblarida saqlanmoqda.

“Jamg‘arma $95 mln bilan kapitallashtirilib, undan hozirgi kungacha $67 mln miqdoridagi mablag‘ni biz O‘zbekiston aholisiga foyda keltiradigan ikkita soha — sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimidagi loyihalarga yo‘naltirganmiz”, — dedi Yonas Astrup.

2022-yilning avgust oyida Adliya vazirligi va Shveysariya hukumati Gulnora Karimovaning $131 mlnlik aktivlarini Shveysariyadan qaytarish bo‘yicha kelishuv imzolagandi. Jarayon bir nechta prinsiplar asosida amalga oshirilishi belgilangandi.

Joriy yilning fevral oyida Shveysariya bilan Karimovaning $182 mlnlik aktivlarini qaytarish bo‘yicha yana bir kelishuv imzolandi. Mablag‘lar BMTning Uzbekistan Vision 2030 Fondi ko‘p sheriklik trast jamg‘armasi orqali qaytariladi.

Avvalroq Belgiya korrupsiya ishi bo‘yicha musodara qilingan $108 mlnni O‘zbekistonga qaytarishi haqida xabar berilgandi. Telekommunikatsiya shartnomalarini rasmiylashtirish uchun pora olish bilan bog‘liq tergov doirasida $200 mln miqdoridagi mablag‘ musodara qilingan.