Shavkat Mirziyoyev 29-aprel kuni yer hisobini yuritish va kadastr xizmatini rivojlantirish bo‘yicha qilingan ishlar hamda kelgusidagi vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatda 45 mln gektarga yaqin yer maydonining 2021-yilgacha bor-yo‘g‘i 1 mln gektari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Yagona tizim va raqamlashtirish orqali bu ko‘rsatkich 94% — 42 mln gektarga yetkazildi.

Jumladan, o‘rmon va suv fondi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘liq davlat ro‘yxatiga olindi. Transport, aloqa, geodeziya, energetika, yo‘l kabi 13 turdagi davlat kadastri bo‘yicha ma’lumotlar 100% shakllandi. Yana 7 ta yo‘nalish bo‘yicha ishlar yakuniy bosqichda turibdi.

Sohadagi eng dolzarb masala ko‘chmas mulk munosabatlarini tartibga solish ekanligi qayd etildi. Barcha bino va inshootlar xatlovdan o‘tkazilib, UZKAD tizimiga kiritilmoqda. Hozirgacha 150 mingta turar va 707 mingta noturar joy, 44 mingta ko‘p qavatli uy haqidagi ma’lumotlar ushbu yangi tizimda aks ettirilgan.

Bu yil 400 mingta yakka tartibdagi uy UZKADga kiritiladi. Natijada mol-mulkni sotish, ijaraga berish, meros qoldirish, garovga qo‘yish kabi jarayonlar osonlashadi. Kelgusida 6,3 mlndan ziyod barcha yakka tartibdagi uylar ushbu tizimda aks ettiriladi.

Ko‘p joylarda ko‘chmas mulkning kadastr qiymati bilan haqiqiy bozor bahosi o‘rtasida katta farqning mavjudligi huquqiy munosabatlarda va savdolarda nomutanosiblikni keltirib chiqarayotgani ta’kidlandi.

Shu bois prezidentning 5-martdagi farmoni bilan ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimi joriy etilishi belgilangandi. Buning uchun Kadastr agentligida Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi ochildi.

Taqdimotda ushbu markazga 40 mlrd so‘m ajratilib, malakali mutaxassislar jalb qilingani hamda amaliy ishlar boshlangani qayd etildi.

Ommaviy baholash bu yil Toshkent shahrida boshlanib, keyingi yillarda Nukus shahri va viloyatlar markazlarida hamda qolgan hududlarda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Davlat rahbari kadastr ma’lumotlari iqtisodiy rejalarni samarali belgilash uchun muhim asos ekanini ta’kidlab, bu sohada yaxlitlik va aniqlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Byurokratiyani keskin kamaytirib, kadastr xizmatlari sifatini oshirish, tadbirkorlarga yengilliklar yaratish vazifasi qo‘yildi.

Kadastr agentligi direktori Farrux Po‘latov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida o‘zboshimchalik egallangan yerlar hamda bino-inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risidagi qonun bilan 248 mingta obyektning xatlov ishlari yakunlangani, 96 mingdan ortig‘i dasturga kiritilganini qayd etdi.

kadastr, ko‘chmas mulk, ommaviy baholash, prezident, uy-joy, uzkad

“Hozirda kadastr idoralari tomonidan aholi va tadbirkorlarga 17 turdagi xizmatlar ko‘rsatilmoqda. 2024-yilda ular sonini 5 taga kamaytirganmiz, joriy yilda to‘liq raqamlashtirishni rejalashtirganmiz. Biz bu bilan to‘xtab qolmaymiz, joriy yilda davlat xizmatlari markazlarida kadastr xizmatlari bo‘yicha maslahat burchagini tashkil etamiz. Bu aholini ortiqcha ovoragarchilikdan xalos etadi.”, — dedi u.

Shu bilan birga, Po‘latov ipoteka shartnomalarini elektron ro‘yxatdan o‘tkazish hamda taqiqni elektron ravishda bekor qilish tartibi yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi.

Turar joyni noturarga yoki aksincha toifaga o‘zgartirish tartibi soddalashtiriladi. Kadastr agentligi direktorining qayd etishicha, bu orqali faqat ariza asosida barcha hujjatlarni rasmiylashtirish imkoni yaratiladi. Obyektlarning bir qismi sotilganda qolgan qismini sotish bir vaqtning o‘zida soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.

Avvalroq birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, Toshkentda uy-joy ijarasi bozori mart oyida barqaror qolib, narxlarda o‘zgarishlar qayd etilmagani haqida xabar berilgandi.