Rossiya o‘zbekistonlik migrantlar huquqlari himoyalanishi ustidan nazoratni kuchaytiradi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.

Bosh prokuror o‘rinbosari Shohrux Aminov rahbarligidagi delegatsiya 28−29 aprel kunlari Moskvada bo‘lib o‘tgan mehnat migratsiyasi va migrantlar huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya idoralararo ishchi guruhining birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Unda tomonlar migratsiya sohasidagi amaldagi holat, muammoli jihatlar va ularni hal etish yo‘llarini muhokama qildilar. Yig‘ilish ishtirokchilari ikki davlat manfaatlari asosida sohada qonuniylikni ta’minlashga qaratilgan hamkorlikdagi chora-tadbirlarni ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Mamlakatlar Bosh prokuraturalari O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyaga mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida kelishi hamda Rossiya fuqarolarining O‘zbekistonga kelishlari jarayonida ularning huquqlarga rioya etilishi ustidan nazorat va kuzatuvni kuchaytirish majburiyatini oldilar.

Shohrux Aminov Rossiya Bosh prokurori o‘rinbosari Petr Gorodov bilan ishchi guruhning birinchi majlisida qabul qilingan qarorlar bo‘yicha bayonnomani imzoladi. Ushbu hujjat ijrosi alohida nazoratga olinishi qayd etildi.

Dushanba kuni Bosh prokuror o‘rinbosari rahbarligidagi vazirlik va idoralar delegatsiyasi ushbu yig‘ilishda ishtirok etishi ma’lum qilingandi. Uning doirasida Moskvadagi O‘zbekiston Elchixonasida Rossiya hududida vaqtincha yashab turgan o‘zbekistonliklar uchun sayyor qabul tashkil etildi.

Shuningdek, qurilish obyektlaridan birida ishlayotganlar bilan kechgan uchrashuvda fuqarolar murojaatlari va muammolari tinglandi. Ularga huquqiy tushuntirishlar berilib, ayrim murojaatlar joyida hal etildi, qolgan murojaatlar esa alohida nazoratga olinib, Rossiya prokuratura organlariga yuborildi.

Avvalroq Rossiyada migrantlar uchun maqomlarini qonuniylashtirish muddati 10-sentabrgacha uzaytirilgani haqida xabar berilgandi. Mazkur muddatgacha Rossiyada noqonuniy bo‘lib turgan chet el fuqarolari o‘zlarining huquqiy maqomini tartibga solishi yoki mamlakatni tark etishi kerak.