X ijtimoiy tarmog‘i 4K video yuklashni sinovdan o‘tkazishni boshladi. Bu haqda TechCrunch nashri xabar berdi.

Bu orqali platforma foydalanuvchilar ishtiroki darajasini oshirishni va ularning video tomosha qilish uchun YouTube yoki Vimeoga o‘tib ketishining oldini olishni maqsad qilgan.

X’ning muhandislik hisobi xabariga ko‘ra, bu funksiya tez orada barcha premium obuna egalariga taqdim etiladi.

Shu paytgacha pullik obuna egalari X’ning qo‘llab-quvvatlash sahifasiga ko‘ra, 8 GB hajmgacha bo‘lgan va taxminan uch soat davom etadigan 1080p o‘lchamdagi videolarni yuklay olishardi.

Biroq 4K o‘lchamdagi videolarni yuklash imkoniyati paydo bo‘lishi bilan platforma obuna egalari uchun hajm cheklovini o‘zgartirishi mumkin.

Ilon Mask kompaniyani sotib olganidan beri X foydalanuvchilarni ko‘proq video kontent joylashtirishga undashga harakat qilmoqda va obunachilar uchun yuklash limitini asta-sekin oshirib bormoqda.

Joriy yil boshida platforma o‘z mobil ilovalarining bosh sahifasida yorliq bilan vertikal videolar uchun maxsus kanalni ishga tushirdi va AQShda TikTok taqiqlanishi bilan bog‘liq noaniqlikdan foyda olishga harakat qildi.


Avvalroq Spot X ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilarga ularning qiziqishlariga qarab qisqa va uzunroq videolarni taqdim etadigan funksiyani ishga tushirishga tayyorlanayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek, X ijtimoiy tarmog‘i dizlayk funksiyasini sinovdan o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.

Bu foydalanuvchilarga postlardagi yoqmagan izohlarga singan yurak shaklida maxsus belgi bilan javob berish imkonini beradi.