Prezidentning 30-apreldagi qarori bilan muhandislik va IT-sohasiga ixtisoslashgan Al-Xorazmiy universiteti tashkil etiladi.

Universitetda matematika, aerokosmik texnologiyalar, muhandislik, IT va sun’iy intellekt sohalari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.

Ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, chet ellardagi tan olingan ilmiy markazlar bilan hamkorlik qilish, talabalarni ilmiy va innovatsion faoliyatga keng jalb etish oliygohning asosiy faoliyat yo‘nalishlari hisoblanadi.

Universitetda ta’lim jarayoni 2025/2026 o‘quv yilidan davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi. Darslar davlat va ingliz tillarida kredit-modul tizimi asosida olib boriladi.

Shuningdek, V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutining Urganch filiali universitet binosida tashkil etiladi hamda har bir ilmiy xodimga talabalaar biriktiriladi.

Bundan tashqari ,ushubu qaror bilan 2025/2026 o‘quv yilidan Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filiali Urganch davlat universitetiga qo‘shib yuboriladi. Filial talabalari esa o‘qishini UrDUning mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida davom ettiradi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Urganch filiali Al-Xorazmiy majmuasi hududida 7 yillik dastur asosida STEM modeli bo‘yicha tashkil etiladi.

Bunda dastlabki 5 yilda ustuvorlik o‘quvchilarda fizika, matematika, informatika va ingliz tili bo‘yicha fundamental bilimlarni shakllantirishga, keyingi 2 yilda esa muhandislikka boshlang‘ich tayyorgarlikni ta’minlashga qaratiladi.

O‘quvchilar tanlovi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining matematika va informatika fanlari bo‘yicha qobiliyati bor 4-sinf bitiruvchilari orasidan amalga oshiriladi.

Ixtisoslashtirilgan maktabga Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab rahbari, xodimlari va o‘quvchilari uchun belgilangan tashkiliy, akademik va moliyaviy shart-sharoitlar tatbiq etiladi.

Avvalroq uchta oliygoh negizida Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hamda Toshkent davlat stomatologiya instituti talabalar o‘qishini yangi universitetda davom ettiradi.