Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Urganch aeroporti aholi va mehmonlar talabiga to‘la javob bermasligi, soatiga 400 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi qayd etildi. Ikki bosqichda o‘tkazilgan tenderda Fransiya, Koreya, Turkiya, Qatar kabi davlatlardan 8 ta kompaniya ishtirok etib, yakunda Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyasi g‘olib bo‘lgandi.
Prezident ushbu kompaniya va loyiha rahbarlari bilan suhbatlashdi. Kompaniya prezidenti Li Xag-Ji Inchon xalqaro aeroporti sig‘imi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turishi, servis bo‘yicha yetakchilardan biri ekanini aytdi.
Shuningdek, u Urganch kompaniyaning ikkinchi aeroporti bo‘lishini ta’kidlab, uni yangilash va boshqarish rejalarini ma’lum qildi. Davlat rahbari kompaniya bilan sheriklikdan xursandligini ta’kidlab, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha fikrlarini bildirdi.
“Xorazmda ko‘plab zamonaviy mehmonxonalar, dam olish va savdo markazlari barpo etayapmiz. Kelajakda sayyohlar oqimini 5 mlnga yetkazishni maqsad qilganmiz. Buni aeroport bilan hamohang qilsak, o‘zaro manfaatli bo‘ladi, daromad ko‘payadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tomonlar xorijiy aviakompaniyalar bilan hamkorlikda samolyotlar olib kelib, tashuvlarni ko‘paytirish bo‘yicha fikr almashdi. Sheriklik asosida servis bo‘yicha Koreya tajribasini o‘rganish, mutaxassislarni o‘qitish va malakasini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Loyihaning umumiy qiymati $223 mlnni tashkil etib, uning doirasida yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, yo‘lovchi va yuk terminallari qurish, ICAO talablariga javob beruvchi yoritish-signal qurilmalari o‘rnatish hamda maxsus texnikalar xarid qilish ko‘zda tutilgan.
Qurilish-rekonstruksiya ishlari 2025−2027 yillar davomida amalga oshiriladi. Natijada aeroport Boeing 747 va Airbus 350 kabi yirik havo kemalarini qabul qilish imkoniga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, aerovokzalning umumiy maydoni 39 ming kv.metrga yetkazilib, soatiga 1 300 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi.
Prezidentga yangi terminal loyihasi taqdimot qilindi. Davlat rahbari uning ichki va tashqi qiyofasida milliy ruhni aks ettirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Urganch aeroportini modernizatsiya qilish
2024-yil boshida bo‘lib o‘tgan prezident bilan uchrashuvda Buxoro, Namangan, Urganch va Andijon aeroportlarini xususiy boshqaruvga o‘tkazish rejalari ma’lum bo‘ldi.
Avgust oyida tasdiqlangan 2030-yilgacha DXShni rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturiga ko‘ra, Urganch aeroportini modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish belgilandi.
Loyihaning dastlabki qiymati $181 mlnni tashkil etib, Transport vazirligi, Uzbekistan Airports, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligiga bu bo‘yicha joriy yilning birinchi yarmi yakunigacha loyiha bitimini imzolash topshirilgandi.
Avgust oyi boshida JUrganch xalqaro aeroportini DXSh asosida modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasi uchun tender e’lon qilindi. Undan keyin, tenderda sakkizta kompaniya ishtirok etgandi, ulardan beshtasi ikkinchi yakuniy bosqichga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.
Avvalroq Sariosiyo aeroporti rekonstruksiyadan keyingi birinchi texnik reysini qabul qilgani haqida xabar berilgandi.