Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari metan narxini 1 kubometri uchun 5200 so‘mgacha oshirdi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlardan ma’lum bo‘ldi.
1-maydan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gazga yangi tariflar kuchga kirdi, narxlarning oshirilishi dastlab 1-aprel etib belgilangandi. Uning fonida esa ayrim hududlarda, jumladan, Toshkentdagi metan “zapravka"larda narxlar ko‘tarilgani haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘ldi.
Hukumatning 2024-yilning aprel oyidagi qarori bilan AGTKShlar uchun gaz yetkazib berish narxi may oyidan boshlab bir kubometri uchun 38,9% ga — 1800 so‘mdan 2500 so‘mgacha oshirilishi belgilangan.
Bugundan boshlab shoxobchalardagi bir kubometr metan narxi ayrim hududlarda 5 ming so‘mdan, ayrimlarida, shu jumladan, poytaxtda 5200 so‘mdan taklif etilgan.
Bungacha avtomobillar uchun yoqilg‘ining bir kub metri turli hududlarda 3950−4250 so‘mdan sotilgan. Ushbu narxlar 2024-yilning avgust oyidan beri amal qilib kelayotgandi. O‘shanda gaz “zapravka"lari uchun metanga belgilangan eng baland chakana narxning amal qilish muddati tugagan.
Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov avgust oyida raqobat muhitining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun endilikda davlat narx belgilashga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashmasligini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, narxlarni bozor belgilaydi.
Joriy yilning fevral oyida Markaziy bank AGTKShlar uchun rejalashtirilgan tabiiy gaz ulgurji narxlarining oshirilishi transport xarajatlarining oshishi hisobiga mahsulot tannarxining oshishiga olib kelishidan xavotir bildirgandi.
Raqobat qo‘mitasi aprel oyi boshida olib borgan monitoringi natijasida ayrim AYOQShlar yoqilg‘i va gaz uchun aksiz solig‘ining oshishi fonida yoqilg‘i narxini 1 kubometr uchun 4100 so‘mgacha ko‘targanini aniqlagandi.
Avvalroq Navoiy viloyatida 26 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan AGTKSh aniqlangani haqida xabar berilgandi.