Xotin-qizlarga oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tavsiyanomaga arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi xabar berdi.
1-maydan mutaxassisligi bo‘yicha 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlar davlat OTMlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun arizalarni xotin-qizlar.uz platformasi orqali jo‘natishlari mumkin.
Bunda o‘qishga qabul qilish Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tavsiyanomasi asosida amalga oshirilib, nomzodlar to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Tavsiyanoma uchun talabgor quyidagi mezonlarning barchasiga muvofiq kelishi kerak:
- o‘rta maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha mutaxassislikka ega;
- tavsiyanoma olgungacha oliy ta’lim olmaganligi yoki olmayotganligi;
- o‘rta maxsus yoki professional ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha 5 yillik mehnat stajiga ega.
Tavsiyanoma berilgan kundan boshlab 3 yil davomida faqat bir marta OTMga qabul qilinish uchun amal qiladi. Joriy yilda 2022-yilda berilgan tavsiyanomalar muddati tugadi.
Ehtiyojmand oilalardagi talabgor xotin-qizlar doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha mahalliy hokimliklarning oila va xotin-qizlar bo‘limlariga 1-iyunga qadar murojaat qilishlari lozim.
Nomzodlar ish staj bo‘yicha ma’lumotlarni my.mehnat.uz tizimida hamda o‘rta maxsus diplomini diplom.edu.uz sayti orqali tekshirishlari kerak.
Ariza va hujjatlar 7-iyungacha ko‘rib chiqiladi va ishchi guruh xulosasi 10-iyungacha qo‘mitaga taqdim qilinadi. Hujjatlar qo‘mita tomonidan 14-iyungacha ko‘rib chiqilib, tavsiyanoma berish yoki uni rad etish to‘g‘risida buyruq chiqariladi. Nomzodlarga 15-iyungacha tavsiyanoma beriladi.
Tavsiyanomaga ega xotin-qizlar uchun tanlovlar umumiy tartibda davlat OTMning bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari (test sinovi, kasbiy (ijodiy) imtihon) doirasida o‘tkaziladi.
Kirish imtihonlari yakuniga ko‘ra talabalikka tavsiya etilmagan, biroq to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30%idan kam bo‘lmagan ballni to‘plagan xotin-qizlar ballar ketma-ketligida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etiladi.
Arizalarni havola orqali jo‘natish mumkin.
Avvalroq uchta oliygoh negizida Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.