Markaziy bank O‘zbekistonda muddatli to‘lov bozorini tartibga solishni boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda 2-may kuni Xalqaro valyuta jamg‘armasi konferensiyasida regulyator boshqaruvi raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
Uning qayd etishicha, Markaziy bank asosiy e’tiborni “tartibga solinmaydigan, ammo ma’lum bir xatarlarni keltirib chiqaruvchi” yangi rivojlanayotgan bozorlarga qaratadi. Ulardan biri BNPL (“Buy now pay later” — “Hozir xarid qil, keyin to‘la”) bo‘lib, u “hozirda sezilarli hajmga yetgan”.
“Biz allaqachon [BNPL] bozori o‘yinchilari bilan bir necha bor uchrashuvlar o‘tkazganmiz va banklar tomonidan aholining qarz yukida [bo‘lib-bo‘lib to‘lashni] hisobga olish va mijozlarning yetarli darajada himoyasini ta’minlash uchun ushbu sohani tartibga solishni joriy etishni rejalashtirayotganimizni aytganmiz”, — dedi regulyator rahbari.
Yanvar oyida Markaziy bank hozirda bank nazoratidan tashqarida bo‘lgan muddatli to‘lovlar bozorini tartibga solish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani ma’lum bo‘ldi. Xususan, tovarlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan taqdim etuvchi tashkilotlarga ma’lumotlarini kredit byurolariga taqdim etish majburiyatini yuklash rejalashtirilgandi.
Bundan tashqari, Markaziy bank mikroqarzlar bo‘yicha ortiqcha to‘lovning maksimal miqdorini cheklaydi — bu yiliga 50%. Mikroqarzlar bo‘yicha cheklangan kunlik stavka ham 0,3% dan 0,25% gacha pasaytirilmoqda.
Qarz oluvchining qarz yuki ko‘rsatkichi o‘rtacha oylik daromadga nisbatan mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlar summasining 50%i miqdorida belgilandi. Yangi talablar 24-iyuldan kuchga kiradi.
Avvalroq Markaziy bank bank kartalaridan to‘lovlar ustidan nazoratni kuchaytirishni taklif qilayotgani haqida xabar berilgandi.