Markaziy bank O‘zbekistonda fintex sanoatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dasturni ishga tushiradi. Bu haqda 2-may kuni Xalqaro valyuta jamg‘armasi konferensiyasida regulyator boshqaruvi raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Ishmetov Markaziy bank siyosatining yo‘nalishlaridan biri sifatida moliya sektorini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishni ta’kidladi. Uning aytishicha, bu sohada “katta o‘sish salohiyati” mavjud bo‘lib, hozirda u asosan bank tizimida jamlangan.

Xususan, regulyator nobank kredit tashkilotlari, jumladan mikromoliya tashkilotlari va kapital bozorini qo‘llab-quvvatlaydi.

“Mamlakatimizda o‘sib borayotgan fintex sanoatini qo‘llab-quvvatlash rejamiz bor. Biroq, biz bu ko‘plab imkoniyatlar va ayrim xatarlarni keltirib chiqarishi mumkinligini ko‘ryapmiz, shuning uchun ham aralashib, ular uchun qulay o‘sish muhitini yaratish va ma’lum darajada nazoratni joriy etish biz uchun maqbulroqdir”, — dedi u.

Markaziy bank raisi, shuningdek, “yaqin oylarda keng ko‘lamli fintex kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha katta dastur” e’lon qilinishini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Ishmetov O‘zbekistondagi yirik kompaniyalar obligatsiyalar chiqarish orqali moliyalashtirishga hali o‘rganmaganini, ular banklaridan kredit olishni afzal ko‘rayotganini ta’kidladi.

“Bunday yangi qarz oluvchilarga bo‘lgan talab juda yuqori. Ko‘plab odamlar bu [yirik mahalliy] kompaniyalarning turli qimmatli qog‘ozlariga investitsiya kiritishni istaydilar”, — deya xulosa qildi Timur Ishmetov.

O‘tgan haftada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bank kartalaridan to‘lovlarni amalga oshirish ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Ruxsat etilmagan operatsiyalar uchun bank kartalari va mobil ilova hisoblaridan foydalanish 3 kungacha cheklanishi mumkin.

Avvalroq Spot Markaziy bank muddatli to‘lovlar bozorini tartibga solishni boshlashi haqida xabar bergandi.