Markaziy bank O‘zbekistondagi tijorat banklari va “yirik qarz oluvchilar"ga nisbatan tartibga solishni kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 2-may kuni Xalqaro valyuta jamg‘armasi konferensiyasida regulyator boshqaruvi raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi, deb xabar berdi Spot muxbiri.

“Siyosatimizning ikkinchi yo‘nalishi — tartibga solishni kuchaytirish. Biz qattiqroq bo‘lishni rejalashtirmoqdamiz. Yil boshida biz banklarga Markaziy bank [tartibga solish]ni kuchaytirishi haqida xabar berganmiz”, — dedi u.

Markaziy bank rahbari so‘nggi paytlarda tartibga solishning kuchaytirilishiga misollar sifatida “kredit-garov” (LTV) koeffitsientining qat’iyroq cheklovlari va ta’minlanmagan kreditlar bo‘yicha yangi talablarni eslatib o‘tdi. Bunda ehtimol, banklarga mikroqarzlar berish bo‘yicha yangi talablar joriy etilishi nazarda tutilgan. Ishmetov “yirik qarz oluvchilar” tushunchasi va ular uchun qoidalar hukumat va Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilishini ma’lum qildi.

O‘rta muddatli istiqbolda Markaziy bank bank faoliyatini tartibga solishni xalqaro standartlarga, shu jumladan Bazel III ga muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlarni yakunlashni rejalashtirmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, regulyator bank sektoridagi xatarlar va zaifliklarni aniqlash uchun banklarni muntazam ravishda stress-testlardan o‘tkazadi.

Bundan tashqari, regulyator moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (IFRS) tomon harakat qilish niyatida. Shunday qilib, Markaziy bank Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) va Jahon banki bilan birgalikda moliya sektorini baholash bo‘yicha ko‘p oylik dasturni yakunladi, u tez orada e’lon qilinadi.

“Moliyaviy sektorimizning zaif tomonlarini aniqlash va rivojlanish yo‘nalishimizni belgilash maqsadida diagnostika o‘tkazishga qaror qildik. Bozorga o‘z kamchiliklarimizni ochiq ko‘rsatishdan qo‘rqmasligimizni namoyish etish uchun, bu diagnostika natijalarini e’lon qilishni rejalashtiryapmiz”, — deya ta’kidladi Markaziy bank raisi.

Markaziy bank XVJ va Jahon banki tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalarni joriy etish bo‘yicha yo‘l xaritasini tayyorlashni boshladi, uni ham e’lon qilish rejalashtirilgan. Hujjat moliya sektori va tartibga solishni yaxshilashga qaratilgan 3 yildan 5 yilgacha bo‘lgan muddatga mo‘ljallangan harakatlar rejasini nazarda tutadi.

Avvalroq Markaziy bank muddatli to‘lovlar bozorini tartibga solishni boshlashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.