5-may kuni prezidentning ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab ta’limning sirtqi shakliga qabul tugatiladi. Uning o‘rniga kunduzgi ta’limdan boshqa muqobil ta’lim shakllari bo‘yicha qabul kvotalari bosqichma-bosqich oshiriladi.

Oliy ta’lim tashkilotlarining muqobil ta’lim shakllari bo‘yicha umumiy qabul kvotasini kunduzgi ta’lim shakli qabul natijasining 50%idan oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Magistratura bosqichida muqobil ta’lim shakllari asosida ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashga ruxsat beriladi.

OTMlarida muqobil ta’limning kredit-modul tizimiga asoslangan maqbullashtirilgan kunduzgi ta’lim shakli (part-time education) bo‘yicha o‘qitishni yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi.

Muqobil ta’lim shakllariga talabalarni belgilangan me’yordan ortiq qabul qilish litsenziya talab va shartlarini qo‘pol ravishda buzish deb baholanadi. Bu harakatlar litsenziyani bekor qilish uchun asos bo‘ladi.

Shuningdek, idoraviy mansubligi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar har bir ta’lim tashkiloti tarkibida umumiy shtatlar doirasida ichki ta’lim sifati nazorati bo‘limlari tashkil etiladi. Ular ichki ta’lim sifati auditini amalga oshirishga mas’ul etib belgilanadi.

Avvalroq Urganchda Al-Xorazmiy universiteti tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Muhandislik va IT-sohasiga ixtisoslashgan oliygohga talabalar 2025/2026 o‘quv yilidan grant va to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.