Markaziy bank 2025-yilning dastlabki to‘rt oyi yakuni bo‘yicha milliy valyuta kursining barqarorligiga izoh berdi. Bu haqda 2-may kuni Xalqaro valyuta jamg‘armasi yig‘ilishi doirasida regulyator raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov Spot’ga bergan izohida ma’lum qildi.

“Birinchidan, [dollar] kursiga pul o‘tkazmalari oqimining ko‘payishi ta’sir qiladi. Ikkinchidan, bizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar yaxshi kirib kelmoqda. Uchinchidan, birinchi chorakda import ilgargi katta ta’sir ko‘rsatgan darajada o‘smadi. Shuningdek, oltinni hisobga olmaganda tovarlar eksporti ham oshdi”, — deya tushuntirdi Markaziy bank rahbari o‘rinbosari.

Aprel oyida milliy valyuta dollarga nisbatan 19,97 so‘mga yoki 0,15% ga arzonlashib, 12 933,16 so‘mni tashkil qildi. 2025-yil boshidan buyon o‘zbek so‘mi AQSh dollariga nisbatan biroz zaiflashdi — taxminan 0,1% ga.

Birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, Markaziy bank transchegaraviy pul o‘tkazmalarining yuqori o‘sishini qayd etdi. 2024-yilda xalqaro jo‘natmalar hajmi 30% ga oshib, $14,8 mlrdni, O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar esa 53,3% ga o‘sib, $11,9 mlrdni tashkil etdi.

Yanvar-mart oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi $17,03 mlrdni tashkil etdi. Shu bilan birga, eksport hajmi 24,4% ga ($8,1 mlrd) oshdi, jumladan, oltin yetkazib berish uchdan bir qismga ($3,57 mlrd) o‘sdi, import esa 2,3% ga ($9,19 mlrd) kamaydi. Natijada tashqi savdo balansi taqchilligi deyarli uch barobarga — o‘tgan yilgi $2,89 mlrddan $1,08 mlrdgacha qisqardi.

Mart oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi tarixiy maksimal darajani — $47,85 mlrdni tashkil etdi, bu bir oy oldingi rekorddan $2,91 mlrdga yoki 6,48% ga ko‘pdir.

O‘tgan yilning dekabr oyida Spot tahlilchilar bilan 2024-yilda so‘mning zaiflashish sur’atlari pasayishi sabablari, milliy valyuta mustahkamlanishidagi xatarlar hamda 2025-yilda almashuv kursiga ta’sir qiluvchi omillar haqida suhbatlashgandi.

Ekspertlar joriy yil yakuni bo‘yicha dollar kursi 13 340−14 ming so‘m oralig‘ida shakllanishini kutmoqda. Milliy valyuta oltinning sotilishi va o‘sishiga, jalb qilinadigan xorijiy kreditlar va investitsiyalarga, Markaziy bank siyosatiga, transchegaraviy o‘tkazmalar hajmiga, import oshishiga hamda global iqtisodiyot holatiga bevosita bog‘liq bo‘ladi.

Avvalroq mart oyida valyuta omonatlari bo‘yicha stavkalar biroz oshgani haqida xabar berilgandi.