Chapaqay bo‘lgan kishilar ko‘pincha korporativ muhitda muvaffaqiyatga erishib, milliarderlarga aylanishi Donald Kostello nomidagi biznes kolleji olimlari tomonidan aniqlandi. Tadqiqot natijalari haqida Daily Mail nashri xabar bermoqda.

Tadqiqotchilar 500 ga yaqin yirik kompaniyalarda faoliyat yuritayotgan mingta yuqori lavozimli menejerlar orasida chapaqay va o‘ngaqaylar sonini hisoblashdi.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, chapaqaylar orasida boshqaruvning yuqori pog‘onalariga ko‘tarilgan va milliarderlik darajasiga erishganlar ulushi ancha yuqori ekan. Olimlar bu muvaffaqiyatni chapaqaylarning o‘ziga xos fikrlash tarzi bilan bog‘lashmoqda.

Ularning ta’kidlashicha, chap qo‘li “yetakchi” bo‘lgan odamlar ko‘pincha vazifalarga noodatiy yondashuvga, yuqori darajadagi ijodkorlikka va yangiliklar yaratishga moyil bo‘ladilar. Bu xususiyatlar ularga biznesning raqobatbardoshligini oshiradigan noyob qarorlar qabul qilishda qo‘l keladi.

Jumladan, Bill Geyts, Stiv Jobs va Mark Sukerberg kabi mashhur rahbarlar misoli noodatiy fikrlashning puxta o‘ylangan strategiya va aniq xatar hisob-kitobi bilan qanday uyg‘unlashishi mumkinligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Shu bilan birga, tadqiqotchilar o‘ngaqaylarning jamoada tutgan muhim o‘rnini ham ta’kidlashmoqda: ular jamoaviy ishni barqarorlashtiradi, mehnatsevarlik va qat’iyatliligi bilan ajralib turadi.

Qayd etilishicha, bu sabablar ayniqsa, kompaniyalarning barqaror o‘sishi uchun muhim ahamiyatga ega.

Tadqiqot mualliflarining fikricha, biznes muvaffaqiyati ko‘pincha turli xil yondashuvlarga asoslanadi. Aynan chapaqaylarning noodatiy yetakchiligi va o‘ngaqaylarning tirishqoq mehnati uyg‘unligi tez o‘zgaruvchan bozor sharoitida eng yuqori natijalarga erishish imkonini beradi.


Avvalroq Spot ChatGPT bilan muloqot yolg‘izlik darajasini oshirishi haqida tadqiqot natijalarini yozgandi. Taqdiqot natijalariga ko‘ra, foydalanuvchilar ChatGPT bilan muloqot qilish uchun qancha ko‘p vaqt sarflashsa, ular o‘zlarini shunchalik yolg‘iz his qilishadi.