Avvalroq prezident qarori bilan axborot texnologiyalari orqali sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish kuchaytirilishi haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan voyaga yetmaganlar banklarda hisobraqamlari va bank kartalarini ochishi bo‘yicha talablar ishlab chiqiladi. Banklar ota-onalarni ularning voyaga yetmagan farzandlari bilan bog‘liq shubhali (frod) operatsiyalar haqida xabardor qilishlari kerak bo‘ladi.
Banklar va to‘lov tashkilotlari tomonidan o‘z mobil ilovalariga antivirus himoya tizimlarini o‘rnatish vazifasi qo‘yilmoqda. Ular foydalanuvchilarni qurilmalaridagi zararli dasturlar belgilari mavjudligi aniqlansa, ogohlantirish amaliyoti joriy etiladi.
Ichki ishlar organlari mas’ul bo‘linmalari so‘roviga asosan shubhali pul o‘tkazma amaliyotlariga aloqador bank kartalari tezkorlik bilan bloklanadi.
Tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov davomida sodir etilgan kiberjinoyatlar yuzasidan kiberxavfsizlik talablariga rioya qilinganligi bo‘yicha xulosa IIV Kiberxavfsizlik markazi tomonidan beriladi.
Shuningdk, Kiberjinoyatlarga qarshi kurashishga va raqamli tergovga ko‘maklashish markazi tashkil etiladi. Markaz kiberjinoyatlarni fosh etish, ularni tergov qilishdagi mavjud muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha ilmiy asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqadi.
Avvalroq fuqarolarning yirik miqdordagi pul o‘tkazmalari ustidan nazorat kuchaytirilishi haqida xabar berilgandi. Qonun loyihasi bilan muhim to‘lov toifasini joriy etish, to‘lov tizimidagi qoidabuzarliklarni toifalarga ajratish hamda uch yoki undan ortiq pul o‘tkazmalari nazoratini avtomatlashtirish rejalashtirilmoqda.