BAA sun’iy intellekt darslari maktab dasturiga kiritiladi. Bu haqda Techxplore nashri xabar berdi.
Yangi o‘quv yilidan sun’iy intellekt asoslarini o‘rganishni hatto bog‘cha tarbiyalanuvchilari ham boshlaydi.
Fan 2025−2026 o‘quv yilidan — bog‘chalardan maktablarda 12-sinfgacha o‘qitila boshlaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mavzu axloqiy ongni, shuningdek, asosiy tushunchalar va real hayotda qo‘llanilishini o‘z ichiga oladi.
Tashabbusni shaxsan Dubay hukmdori va BAA bosh vaziri shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum e’lon qildi.
U X platformasidagi murojaatida mamlakatning maqsadi bolalarga faqatgina texnik bilimlarni berishgina emas, balki ularni yangi texnologiyalardan axloqiy tarzda foydalanishga o‘rgatish ekanligini ta’kidladi.
“Bizning maqsadimiz sun’iy intellektni texnik jihatdan chuqur tushunishni ta’minlash, shuningdek, uning imkoniyatlari va xavflariga ongli munosabatni shakllantirishdan iborat. Biz yangi avlodni biznikidan tubdan farq qiladigan sharoitlarda yashashga tayyorlashimiz kerak”, — dedi shayx.
Ushbu qaror BAAning iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va neft sektoriga qaramlikni kamaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli strategiyasining bir qismidir. Mamlakat raqamli texnologiyalarga faol sarmoya kiritib, dunyo sun’iy intellekt markazlaridan biriga aylanishga intilmoqda.
2017-yildayoq BAA sun’iy intellekt ishlari bo‘yicha vazirlikni tashkil etgan birinchi davlat bo‘lgan edi. Abu-Dabida allaqachon ushbu sohada mutaxassislar tayyorlaydigan ixtisoslashtirilgan universitet faoliyat yuritmoqda.
2024-yil fevral oyida esa amirliklar Fransiyadagi sun’iy intellektga yo‘naltirilgan eng yirik ma’lumotlarni qayta ishlash markazi qurilishiga 50 milliard yevrogacha sarmoya kiritish rejalarini e’lon qildi.
Mutaxassislarning fikricha, sun’iy intellektni erta o‘rganish BAAga global texnologiya bozorida raqobatlasha oladigan mutaxassislarning yangi avlodini tarbiyalashga yordam beradi.
Rasmiylar, shuningdek, bunday choralar mamlakatning raqamli transformatsiya yetakchilaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlashiga umid qilmoqda.
Avvalroq Spot Xitoydagi maktablarda sun’iy intellekt bo‘yicha majburiy kurslar tashkil etilishi haqida yozgandi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga sun’iy intellektning ishlash tamoyillari tushuntiriladi, o‘rta va yuqori sinflarda esa ko‘proq amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.