Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida tibbiyot sohasidagi islohotlarning navbatdagi bosqichidagi ustuvor vazifalar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda korrupsion holatlarni kamaytirish maqsadida nogironlikni belgilashdagi VKK (vrachlik-maslahat komissiyalari) tizimidan to‘liq voz kechilishi ma’lum qilindi.
Endilikda nogironlik oilaviy shifokor rasmiylashtirgan hujjat asosida tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi tomonidan belgilanadi. Mutasaddilarga ushbu tizimni joriy yilning 1-iyunidan Toshkent shahri va Navoiyda joriy qilish topshirildi. Qolgan barcha hududlarda 1-sentabrgacha to‘liq ishga tushirilishi kerak.
Shu bilan birga, kasalliklarni barvaqt aniqlash va asoratlarini kamaytirish bo‘yicha yangi mahallabay tizim yo‘lga qo‘yiladi. Masalan, Ishtixondagi poliklinikaga va mahallalarga viloyatdagi kardiologiya, endokrinologiya va ona-bola markazlari, markaziy shifoxona vrachlari biriktiriladi.
Ular mahallalarda yurib, aholini to‘liq diagnostikadan o‘tkazadi, biriktirilgan oilaviy shifokorlarga kasalliklarni erta aniqlash va davolashni joyida o‘rgatadi, davolash va diagnostika bo‘yicha yangicha yondashuvlarni poliklinikada joriy qiladi.
Samarqand tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilari, magistratura bitiruvchilari ilmiy ishlarini ushbu hududda yozadi. Agar yil yakunida belgilangan natijaga erishilsa, mahallaga biriktirilgan mutaxassislar oyligining 2 baravari miqdorida mukofotlanadi.
Prezident aytilgan yangi tizimni joriy yilda Ishtixon bilan birga Samarqand shahri, Bulung‘ur tumani va qolgan viloyatlarning 1 tadan tumanida, keyingi yildan to‘liq Samarqand viloyatida, 2027-yildan esa bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy qilishga topshiriq berdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligiga yil oxirigacha tibbiyot oliygohlari bilan 15 ta tumandagi 4 700 nafar oilaviy shifokor va hamshirani “Oila salomatligi” dasturi bo‘yicha, rahbarlarni esa menejerlikka o‘qitish topshirildi.
15 ta tumandagi poliklinika va shifoxonalar faoliyatini yangi tizim asosida tashkil qilish uchun bu yil 285 mlrd so‘m, bunga qo‘shimcha viloyat hokimlari tomonidan ham kamida 10 mlrd so‘mdan ajratiladi.
Avvalroq nogironligi borlarni ishga olgan yengil sanoat korxonalariga soliq imtiyozlari berilishi haqida xabar berilgandi. Bunday xodimlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi pasaytiriladi, tadbirkorlarga esa 500 mln so‘mgacha subsidiya ajratiladi.