7-may kuni o‘lchovli oltin quymalarning narxi yangi rekord ko‘rsatkichga yetdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
1 gramm oltin 1 mln 447 ming 10 so‘mga baholanmoqda. 5 grammlik o‘lchovli quyma 7 mln 235 ming so‘mdan sotilmoqda.
Regulyator tomonidan oltin quymalari bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra:
- 5 gramm o‘lchovli oltin quyma narxi 7 mln 235 ming so‘m;
- 10 gramm oltin quyma narxi 14 mln 470 ming som;
- 20 gramm oltin quyma narxi 28 mln 940 ming so‘m;
- 50 gramm oltin quyma narxi 72 mln 350 ming so‘m;
- 100 gramm oltin quyma narxi 144 mln 701 ming so‘mni tashkil qiladi.
7-may kuni oltinning jahon kotirovkalari troya unsiyasi uchun $3500ga yaqinlashdi.
Xabar nashr qilinayotgan vaqtda oltinning global narxi 1 troya unsiyasi uchun $3384,2ni tashkil qildi.
Yil boshidan beri oltin AQShning yangi prezidenti Donald Trampning savdo siyosati va jahon savdosidagi keskinlikning kuchayishi fonida eng daromadli aktivga aylandi. Qimmatbaho metallarga bo‘lgan talab dunyoning markaziy banklari tomonidan sotib olinishi bilan qo‘llab-quvvatlanadi.
Bundan tashqari, oltin narxlariga jahon markaziy banklarining, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlardagi banklarning talabi ham ta’sir ko‘rsatadi. Birch Gold Group mutaxassisi Filipp Patrik “muzlatilishi yoki sanksiyalar ostida qolishi mumkin bo‘lgan valyutalardan” zaxiralarning chiqib ketayotganini ta’kidlamoqda.
Tahlilchilar joriy yilda oltin narxi troya unsiyasi uchun $3500gacha ko‘tarilishi mumkinligini taxmin qilishgandi. Goldman Sachs kompaniyasi bu yil oxirigacha bo‘lgan prognozni $3700gacha oshirdi va iqtisodiy inqiroz yuz bergan taqdirda oltin narxi yanada yuqoriroq ko‘tarilishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Tramp AQSh Federal zaxira tizimi raisi Jerom Pauellni lavozimidan chetlashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani tufayli oltin yangi rekordlarni o‘rnatishda davom etmoqda.
Mutaxassislar ogohlantirishicha, bunday qaror markaziy bankning mustaqillik tamoyiliga zarar yetkazishi va natijada dollarga bo‘lgan ishonchni sustlashtirishi mumkin.