Eng yupqa iPhone g‘ilofidan quvvat olishi mumkin. Bu haqda Apple kompaniyasidagi manbalariga tayanib The Information nashri xabar berdi.
Chiqishga tayyorlanayotgan iPhone 17 Air smartfoni Smart Battery Case aksessuari — maxsus akkumulyator o‘rnatilgan g‘ilofdan quvvat olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ishlab chiquvchilar bu chorani qo‘llashga majbur bo‘ldilar, chunki iPhone 17 Air’ning atigi 5,5 mm bo‘lgan rekord darajada yupqa korpusi qurilmaning odatiy ishlash muddatini qisqartiradi.
Ichki sinovlar shuni ko‘rsatdiki, foydalanuvchilarning faqat 60−70%i kunning oxirigacha qurilmani quvvatlamasdan foydalana oladi, boshqa modellarda esa bu ko‘rsatkich 80−90%ni tashkil etadi.
Bundan tashqari, iPhone 17 Air’ga faqat bitta dinamik va bitta kamera sig‘adi, jismoniy SIM-kartalar uchun mo‘ljallangan joy esa eSIM uchun bo‘shatiladi.
Avvalroq Apple iPhone 17 Air modeli qalinligini kamaytirish maqsadida USB-C ulagichidan voz kechishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Agar Apple bunday qarorni qabul qilganda, qurilmani zaryadlash faqat MagSafe yoki Qi orqali, ma’lumotlar almashinuvi esa bulut xizmati yoki AirDrop vositasida amalga oshiriladi.
Xabar qilinishicha, kompaniya o‘z vaqtida barcha ishlab chiqaruvchilarni yagona USB-C standartidan foydalanishga majbur qilgan Yevropa regulyatorlarining ehtimoliy munosabati tufayli bu g‘oyadan voz kechgan.
2024-yil yanvarida USB-C porti Yevropa Ittifoqida yagona standart etib belgilandi. Unga ko‘ra, 2024-yildan boshlab Yevropa Ittifoqida sotiladigan barcha zaryadlovchi qurilmalar USB-C porti bilan jihozlanishi kerak.
Joriy yil yanvar oyida Yevropa Ittifoqida USB-C zaryadlash portisiz gadjetlarni sotish taqiqlangan edi. Biroq taqiq portativ kompyuterlar, shuningdek, USB-C sig‘maydigan kichik qurilmalar uchun amal qilmaydi.
Yangilik tarixdagi eng yupqa iPhone bo‘ladi — uning qalinligi hozirgi iPhone 16 modelining 7,8 millimetriga nisbatan taxminan 5,5 millimetrni tashkil etadi.
Qayd etilishicha, iPhone 17 Air sentabr oyida Apple Event taqdimotida namoyish etiladi.