Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida tibbiyot sohasidagi islohotlarning navbatdagi bosqichidagi ustuvor vazifalar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Unda so‘nggi yetti yilda tibbiyot oliygohlariga qabul 4,5 barobar ko‘payib, yiliga 25 ming nafar yoshlar (shundan 40%i xususiy oliygohlarda) o‘qishga kirayotgani qayd etildi.

Bitiruv imtihonini oliygohning o‘zi olishi, bilim va ko‘nikmalarni baholovchi shaffof tizim yo‘qligi oqibatida mutaxassislar yetarli bilim va amaliy ko‘nikmasiz mehnat bozoriga kirib kelayotgani ta’kidlandi.

Endilikda tibbiyot oliygohlari va texnikum bitiruvchilarining diagnostika va davolash usullarini o‘zlashtirishi shaffof tizim asosida alohida baholanadi. Bu tizim ishlayotgan vrach va hamshiralarga ham tatbiq etiladi.

Buning uchun Tibbiyot sohasini baholash milliy markazi tashkil etilib, unga xalqaro tan olingan xorijiy tashkilot jalb qilinadi. Davlat va xususiy klinikalar esa akkreditatsiyadan o‘tadi.

Tibbiyot xodimlari malakasini oshirish vazifasi davlat va xususiy tibbiyot oliygohlari, ixtisoslashgan markazlar va viloyat muassasalariga beriladi. Mutasaddilarga shifokor va hamshiralarni tayyorlash bo‘yicha yagona malaka talablarini ishlab chiqish topshirildi.

Shuningdek, yig‘ilishda dual ta’lim to‘liq joriy qilish mumkin bo‘lgan soha tibbiyot ekani ta’kidlandi. Lekin tibbiyot oliygohlari qoshidagi birorta klinika ularning balansida emasligi bunga to‘sqinlik qilayotgani qayd etildi.

Mutasaddilarga Qoraqalpog‘iston, Farg‘ona va Urganch tibbiyot oliygohlariga moliyaviy mustaqillik berish, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Urganch tibbiyot oliygohlari klinikasini ham ularning tarkibiy tuzilmasiga o‘tkazish topshirildi.

Oliygohlarning tegishli kafedralari klinika bo‘limlaridagi davolash ishlarini boshqaradi. Tibbiyot oliygohlari rektorlari o‘z tizimidagi klinik bazasi bo‘lgan boshqa muassasalarni ham ta’mirlash-jihozlashga mas’ul bo‘ladi.

Avvalroq Andijonda sotilmagan obyektlar tadbirkorlarga xususiy klinika ochish uchun ijaraga berilishi haqida xabar berilgandi. Namangan davlat universitetidagi tibbiyot fakulteti Andijon tibbiyot instituti filialiga aylantiriladi. Keyinchalik mustaqil oliygoh bo‘ladi. Andijon tibbiyot institutiga esa universitet maqomi beriladi.