7-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tayotgan tibbiyot sohasidagi islohotlarning navbatdagi bosqichidagi ustuvor vazifalar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida tibbiy sug‘urtani joriy qilish surunkali surilib kelayotgani keskin tanqid qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tizim o‘tgan yili Toshkent shahrida, joriy yilda esa Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Samarqand, Farg‘ona, Surxondaryo va Xorazmda ishga tushishi kerak edi. Sug‘urta jamg‘armasi faqat tayyor pulni taqsimlovchiga aylanib qolgani ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilar “elektron retsept“ni ishga tushira olmagani tanqid qilindi. “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona"ni joriy etishda ham jiddiy oqsoqliklar bor.
Yo‘l qo‘yilgan kamchilik va xatolar uchun sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosarlari D.Sultanov, F.Sharipov lavozimidan ozod etildi, vazir o‘rinbosari O.Omonov 6 oyda raqamlashtirishda o‘zgarish qilmasa, ishdan olinishi haqida ogohlantirildi.
Davlat rahbari muammolarga yechim topish bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilab berdi va yangi tashabbuslarni ilgari surdi. “Agar birlamchi bo‘g‘in, raqamlashtirish va sug‘urtani joyiga qo‘ysak, tibbiyot xodimlarini bilim va amaliy ko‘nikmasini yaxshilasak, muhimi, aholining tibbiy madaniyatini oshirsak, shuning o‘zi orqali ko‘zlagan maqsadlarimizga erishamiz”, — dedi prezident.
Endilikda birlamchi bo‘g‘inda tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha yangi tizim yaratiladi. Prezident buni Ishtixon tumanidagi O‘zbekiston nomli poliklinika misolidagi tahlillar asosida tushuntirdi. Ushbu poliklinikaga 7 ta mahalla biriktirilgan, lekin 6 nafar oilaviy shifokor 9 ta shtatni band qilib, yuklamani eplay olmayapti. Bu poliklinikada yana 6 ta vrach shtati bo‘sh.
Kafolatlangan paketga zarurati puxta o‘ylanmasdan 90 turdagi dori kiritilgani bois poliklinikaga buning yarmi ham kelmayapti. Poliklinikadagi laboratoriya tahlilini birorta shifoxona tan olmaydi.
Eng ko‘p murojaat bolalar kasalliklariga to‘g‘ri kelgani bilan, oilaviy shifokorlarda ko‘nikma yetishmagani uchun ular pediatr vazifasini to‘liq bajara olmayapti. Tug‘ruq yoshidagi 9 ming ayol uchun bor-yo‘g‘i 1,5 stavka ginekolog shtati berilgan.
Aholining 35%i yurak-qon tomir, qandli diabet, oshqozon-ichak kabi surunkali kasalliklarga chalingan. Bunday kasalliklarni erta aniqlash, profilaktika qilish va asoratlarini kamaytirish bo‘yicha tibbiyot brigadalarining ishi ko‘rinmayapti. Tizim o‘zgarishi belgilandi.
Endilikda tibbiyot brigadasi hamda unga biriktirilgan aholi o‘rtasida huquq va majburiyatlarni belgilovchi ikki tomonlama shartnoma tuziladi. Aholi oilaviy shifokorni erkin tanlaydi, bu jarayonlarga xususiy oilaviy shifokorlar ham jalb etiladi.
Tibbiy yordamning kafolatlangan paketi tasdiqlanadi va paket doirasida tibbiy xizmat va dori vositalari to‘liq budjetdan qoplanadi. Shuningdek, poliklinikada akusher-ginekologlar 2 barobar ko‘payadi. Har 3 ming bola uchun 1 tadan pediatr shtati yangidan qo‘shiladi.
Birlamchi bo‘g‘inda yarim yoki 0,25 stavka bekor qilinadi. Barcha shifokor va hamshiralar faqat to‘liq stavkada ishlaydi. Umuman, tumandagi mahalla va oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar faoliyati maqbullashtirilib, 12 mingdan ko‘p odamga xizmat qiladigan 7 ta yirik poliklinika, qolgan 27 tasi kichik poliklinika sifatida qaytadan tashkil qilinadi.
Tumandagi markaziy poliklinika esa tuman shifoxonasining maslahat-diagnostika bo‘limiga aylantiriladi. Barcha tor soha mutaxassislari shu yerda ishlaydi.
Bu poliklinikalarda oilaviy shifokorning bazaviy oyligi $500, hamshiraniki esa $300 bo‘ladi. Agar ular malaka sertifikatiga ega bo‘lsa, yana shuncha ustama to‘lanadi.
Shuningdek, ularning mahallada yurib, surunkali kasali borlarga vaqt ajratib, kasallik bilan yashash va uni boshqarishga o‘rgatishi, onkologik, diabet, insult, infarkt kabi kasalliklarni erta aniqlab, og‘ir asoratlarning oldini olishi hisobiga tez yordam va statsionarga murojaat qisqarsa, shifokorga yana $500, hamshiraga esa qo‘shimcha $300 beriladi.
“Bir so‘z bilan aytganda, oilaviy shifokorlar $1,5 ming, hamshiralar esa $600−800 oylik oladigan tizim qilamiz. Bu orqali biz shunchaki oylikni emas — inson qadrini oshirgan bo‘lamiz. Lekin, natija ham shunga yarasha bo‘lishi kerak”, — dedi prezident.
Endi mahallada bitta bo‘lsa ham infarkt, insult, onalar va bolalar erta o‘limi, surunkali kasallik tufayli orttirilgan nogironlik favqulodda holat deb qabul qilinishi lozimligi qayd etildi.
Avvalroq Andijonda sotilmagan obyektlar tadbirkorlarga xususiy klinika ochish uchun ijaraga berilishi haqida xabar berilgandi. Namangan davlat universitetidagi tibbiyot fakulteti Andijon tibbiyot instituti filialiga aylantiriladi. Keyinchalik mustaqil oliygoh bo‘ladi. Andijon tibbiyot institutiga esa universitet maqomi beriladi.